Jamiyat
Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi Pokistonda 1-martdan boshlangan V Xalqaro “Jamoa ruhi” musobaqasida ishtirok etib, unda gʻolib boʻldi. Bu haqida vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Musobaqa Pokiston Qurolli kuchlariga qarashli 22-armiya korpusi Terrorizmga qarshi kurashish milliy oʻquv markazi bazasida oʻtkazilgan. Unda 9 ta davlatdan — Marokash, Iordaniya, Keniya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Shri-Lanka, Nepal va Oʻzbekiston, shuningdek Pokistondan 8 ta razvedka guruhi, jami 16 ta razvedka jamoasi oʻzaro bellashgan. Musobaqa jarayonini Tojikiston, Qozogʻiston, Bahrayn va Xitoyning Qurolli kuchlar vakillari kuzatib borgan.
Musobaqa shartlariga koʻra, jamoalar 80 kilometrgacha boʻlgan marshrutning 6 ta nazorat nuqtasida azimut boʻyicha harakatlanib, nazorat nuqtalarida taktik-maxsus, otish, tibbiy, aloqa, muhandislik tayyorgarligi, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoya va harbiy topografiyadan turli maxsus mashqlarni, shuningdek, kutilmagan testlarni yechish mashqini bajargan.
Musobaqa davomida Oʻzbekiston harbiy jamoasi yakka tartibdagi mutaxassislik tayyorgarligi boʻyicha oʻtkazilgan bellashuvlarda, yaʼni guruhning radiotelefonisti, muhandisi, mergani va feldsher kabi razvedkachilari yuqori natijalar koʻrsatgan.
Mamlakat Mudofaa vazirligi terma jamoasi qurʼaga binoan birinchi nazorat nuqtasidan 10-boʻlib harakatlanishni boshlagan boʻlsada, ushbu musobaqaning uchinchi nazorat nuqtasiga qolgan jamoalardan 6 soat oldin yetib borgan va eng yuqori (2850) ballni qoʻlga kiritgan.
Musobaqa yakunida Pokiston quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni, general-mayor Adnan Oʻzbekiston harbiy xizmatchilarining jismoniy va professional tayyorgarligini alohida taʼkidlab, “Men Oʻzbekiston jamoasi kuchli ekanini bilardim va 1-oʻrinni egallashiga shubham yoʻq edi”, degan.
Musobaqa yakuni boʻyicha:
1-oʻrin — Oʻzbekiston jamoasi (2 850 ball);
2-oʻrin — Marokash jamoasi (1860 ball);
3-oʻrin — Shri-Lanka (2010 ball) va Saudiya Arabistoni (1900 ball).
Shri-Lanka va Saudiya Arabistoni jamoalariga jarima ballar belgilangani sababli ularga 3-oʻrin berilgan.
Xalqaro musobaqaning yopilishiga bagʻishlangan marosimda gʻolib jamoa va sovrindorlar, shu jumladan, Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi jamoasi oltin medal bilan taqdirlangan.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q