Alimentdan qarzi borlarga avtomobil haydash va uylanish taqiqlanishi mumkin

Saqlash
19:59 / 10.03.2022 791 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-mart kuni “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekdi. Unga koʻra, aliment toʻlovchining boshqa ijro hujjatlari boʻyicha qarzi, jarimalari va ijro harakatlari aliment toʻlovlari toʻliq qoplangandan soʻng undiriladi.

 

Aliment majburiyatlarini bajarishdan boʻyin tovlab kelayotgan va qidiruvga eʼlon qilingan shaxslar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni majburiy ijro organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirish, shuningdek, davlat OAVlarida eʼlon qilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda ushbu manbalarda qidiruvdagi shaxslar va ularning mol-mulki toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlgan fuqarolarga majburiy ijro va ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyati yaratiladi. Bundan tashqari, Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga 3 oy muddatda aliment toʻlovlarini undirish tizimi samaradorligini oshirish yuzasidan qonun loyihasini ishlab chiqish va kiritish vazifasi yuklatildi.

 

Qonunda aliment boʻyicha qarzdorlik mavjud boʻlganda u toʻliq bartaraf etilguniga qadar qarzdorning transport vositasini boshqarish huquqini vaqtincha cheklash, qolaversa, qarzdorga litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan davlat xizmatlarini vaqtincha koʻrsatmaslik nazarda tutiladi. Shuningdek, aliment boʻyicha qarzdorlik mavjudligini nikoh tuzish uchun monelik qiladigan holat sifatida belgilash kutilmoqda.

 

Majburiy ijro byurosi huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etiladi va unga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 milliard soʻm ajratiladi.

 

Sud qarori bilan aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaxslardan belgilangan mablagʻlarni 3 oy ichida undirish imkoni boʻlmagan hollarda “Aliment toʻlovlari” davlat maqsadli jamgʻarmasi mablagʻlari aliment toʻlovlari boʻyicha shakllangan qarzdorlikni bir yoʻla toʻlash uchun yoʻnaltiriladi. Keyinchalik aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan qarzdordan sud qarorisiz majburiy tartibda undirib olinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//