Buxoroda sinov tariqasida elektrobuslar harakati yoʻlga qoʻyildi

Saqlash
19:17 / 10.03.2022 847 0

Buxoro shahrida Xitoyda ishlab chiqarilgan elektrobuslar harakatlanishni boshladi, deb xabar berdi Buxoro viloyati Transport boshqarmasi matbuot xizmati.

 

Maʼlumot qilinishicha, deyarli shovqinsiz harakatlanadigan mazkur transportning zamonaviy tashqi va ichki dizayni odatiy avtobuslardan farq qiladi. 27 oʻrindiqli elektrobusning yoʻlovchilarni tashish umumiy hajmi 80 kishidan iborat. Poli past, zinapoyalar va podiumning yoʻqligi tufayli yoʻlovchilar (shu jumladan, pensionerlar, aravachalarda harakatlanuvchi yoʻlovchilar, alohida ehtiyojli kishilar) salon boʻyicha erkin harakatlana oladi.

 

Imkoniyati cheklanganlar uchun ajratilgan maxsus oʻrindiqlar esa alohida rang va belgilar bilan ajratilgan. Nogironlar chiqishi uchun zarur koʻtargichlar ham bor. Ichki salon videokuzatuv kamerasi, avtomatik havo namligini saqlash va isitish tizimi bilan jihozlangan.

 

Viloyat transport boshqarmasi masʼul xodimi Umid Bahronovning soʻzlariga koʻra, ushbu elektrobuslar 2,5 soat davomida oladigan toʻliq quvvati bilan 300-350 kilometr masofani bosib oʻtadi. Yaʼni olingan quvvat ertalabdan kechgacha yetadi.

 

«Zaryad 12 foiz qolganida avtobus avtomatik tarzda yurishdan toʻxtaydi — shu orqali quvvatlantirish zarurligini bildiradi. Uning aniq koʻrsatkichlari va boshqa barcha maʼlumotlar esa sensorli ekranda koʻrinib turadi. Asosiysi, elektrobuslar harakatlanish davomida ekologiyaga mutlaqo zarar yetkazmaydi», degan u.

 

Xitoyning Zhongtong Bus Co. Ltd kompaniyasida ishlab chiqarilgan ushbu elektrobus Buxoro shahri koʻchalarida bir necha kun davomida tajribada sinab koʻriladi. Tashuvchi va yoʻlovchilarning fikrlarini inobatga olgan holda har kunlik monitoring ishlari olib boriladi. Tajribadan kelib chiqib, undan 2022-yil oxiriga qadar 100 ta olib kelinib, yoʻnalishlarga joylashtiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//