Oʻzbekistonda plastik kartalardan pul oʻgʻirlaganlar uchun jazo kuchaytiriladi

Saqlash
21:40 / 09.03.2022 969 0

Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 9-mart kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi qabul qilindi. Bu haqida parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Majlisda bank plastik kartochkalari va bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarining oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilish holatlari ortgani qayd etildi. Xususan, 2020-yilda shu mazmunda ichki ishlar organlariga 965 ta, 2021-yilda 1601 ta murojaat kelib tushgan.

 

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda bank plastik kartochkalaridan pul mablagʻlarini oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilish holatlari Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan malakalanadi.

 

“Eʼtiborli jihati, koʻp hollarda fuqarolarning bank plastik kartochkalaridan oz miqdorda talon-toroj qilinayotgani sababli ushbu qilmish Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismi bilan ayb eʼlon qilinadi. Bu oʻz navbatida, aybdor shaxslarga nisbatan yetarlicha jazo choralarining qoʻllanilmayotganiga, ularning axloqan tuzalish yoʻliga oʻtmayotganiga, takroran jinoiy faoliyat bilan shugʻullanishiga olib kelmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Shu jihatdan, bu kabi qilmishlar uchun Jinoyat kodeksining 168 va 169-moddalarini ogʻirlashtiruvchi holat sifatida javobgarlikni belgilovchi norma bilan toʻldirish taklif qilingan.

 

“Qonun loyihasining qabul qilinishi kelgusida jismoniy va yuridik shaxslarning elektron pul mablagʻlarini yashirin ravishda talon-toroj qilish, fuqarolarning ishonchiga kirib uning hisob raqami yoki plastik kartasidagi pul mablagʻlarini oʻgʻirlash holatlarining oldini olishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//