Surxondaryoda Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi

Saqlash
15:23 / 09.03.2022 1101 0

Surxondaryo viloyatidagi Toʻpalang daryosi qirgʻogʻidan Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davriga oid mis tangalar topildi. Bu haqida Madaniy meros agentligi axborot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar Toʻpalang daryosi qirgʻogʻidan juda koʻp mis tangalar topib olgani haqida OAVda maʼlumotlar tarqalgan. Vazirlar Mahkamasining Madaniy meros inspeksiyasi rahbarligida hamda Madaniy meros agentligi vakillaridan tuzilgan ishchi guruh Sariosiyo tumanida olib borgan oʻrganishlari natijasida ushbu maʼlumot tasdiqlangan. Olimlar mazkur ashyolar hozirgacha vatanimiz hududidan topilgan Mirzo Ulugʻbek hukmronligi davrida zarb ettirilgan pul tangalarining eng katta va yaxshi saqlangan xazinasi ekanligini taʼkidlagan.

 

 

 

Shuningdek, Sariosiyo tumanidagi Alisher Navoiy mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan topilmalar talon-taroj qilinayotganligi aniqlangan. Ayni paytda Inspeksiya, Agentlik hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan topilmalar aniqlangan hudud muhofazaga olingan. 9-martdan boshlab, Sariosiyo tumani Toʻpalang daryosi hududida ilmiy izlanishlar olib boriladi.

 

 

 

Agentlik fuqarolarimizdan davlat mulkiga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishlarini va topilmalarni oʻrnatilgan tartibda tegishli tashkilotlarga topshirishda faolliklarini soʻrab, davlatga topshirilgan xazina va moddiy boyliklar uchun mukofot belgilanganligini taʼkidlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//