Oʻzbekistonda ayrim turdagi reklamalar taqiqlanmoqda

Saqlash
15:01 / 09.03.2022 1043 0

Oliy Majlis Senatining Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni taʼminlash masalalari qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtdi. Bu haqida parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

 

Majlisda Senatning navbatdagi yalpi majlisida koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan masalalar dastlabki tarzda muhokama qilingan. Xususan, senatorlar yangi tahrirdagi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga eʼtibor qaratgan.

 

 

 

Taʼkidlanishicha, amaldagi qonunchilik hujjatlarida umumiy tusga ega boʻlgan va ishlamaydigan normalar mavjudligi, ular reklama faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni toʻliq qamrab olmagani huquqni qoʻllash amaliyotida koʻplab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda.

 

Birgina 2021-yilda reklama sohasida 15 486 ta qonun buzarlik holati aniqlangan. Jumladan, tashqi reklama va boshqa reklamalarda 10 249 ta, daraxtlardagi reklama va eʼlonlarda 3416 ta, dori-darmon va biologik faol qoʻshimchalar reklamasida 658 ta, tamaki va alkagol mahsuloti reklamasi 499 ta, bukmekerlik va totalizatorlar xizmatlari reklamasi 260 ta, madaniy meros obyektlari boʻyicha 150 ta, xususiy taʼlim va tibbiyot muassasalari 110 ta, ragʻbatlantiruvchi konkurs va aksiyalar 103 ta holat qayd etilgan.

 

 

 

Yangi tahrirdagi qonunga amaliyot va xorijiy tajriba tahlili asosida ragʻbatlantiruvchi reklama aksiyalarini tashkil etish va oʻtkazishga oid normalar kiritilgan. Xususan, tegishli mukofot fondisiz ragʻbatlantiruvchi reklama aksiyalarini oʻtkazish taqiqlanmoqda.

 

Shuningdek, Oʻzbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatilishi, qoʻshimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkinligi belgilanmoqda.

 

Bundan tashqari, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada koʻrsatish, axloq va maʼnaviyatning umumqabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni isteʼmolchidan yashirish taqiqlanmoqda.

 

Shuningdek, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning oʻziga xos xususiyatlari belgilanyapti. Jumladan, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi koʻrsatuv vaqtining bir soati uchun yigirma foizdan, biroq bir sutkada koʻrsatuv vaqtining oʻn besh foizidan oshishi mumkin emas. Davomiyligi oʻn daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

 

Qonunning yana bir muhim jihati ona sutining oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni reklama qilish taqiqlanmoqda.

 

Senatorlar muhokama jarayonida qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning amaliyotga tatbiq etilishi bilan bogʻliq holatlarga ham eʼtibor qaratgan. Majlisda kun tartibidagi masalalar yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilingan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//