Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston harbiylarining xorijiy davlatlar armiyasiga jalb qilingani haqidagi xabarlar boʻyicha bayonot berdi

Saqlash
23:19 / 02.03.2022 883 0

Soʻnggi paytlarda ayrim ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekiston harbiylarining xorijiy davlatlar armiyasiga jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ushbu xabarlarga nisbatan rasmiy bayonot berdi.

 

Bayonotda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oʻzbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi.

 

Mudofaa doktrinasiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasining mudofaa sohasidagi siyosati boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, ehtimol tutilgan nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish tamoyillariga asoslanadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga oʻxshash boshqa organlariga xizmatga kirish, yollanish boʻyicha jinoiy javobgarlik (154-1) moddasi mavjud.

 

“Yuqorida aytilganlarni inobatga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi, shu jumladan Oʻzbekiston harbiy xizmatchilari, mamlakatdan tashqarida harbiy harakatlarda qatnashmaydi. Oʻzbekistonda xorijiy davlatlar tomonidan harbiy xizmatchilarni yollash boshlangani haqidagi tarqalgan yolgʻon maʼlumotlarning haqiqiy asosi yoʻq”, deyiladi rasmiy bayonotda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//