Oʻzbekistonda koronavirusga qarshi buster doza bilan emlanmagan xodimlar ishdan vaqtinchalik chetlashtiriladimi?

Saqlash
19:57 / 02.03.2022 868 0

Oʻzbekistonda 2021-yilining avgust oyidan buyon koronavirusga qarishi emlanishni rad etgan 45 ming 600 nafar xodim ishdan vaqtinchalik chetlatilgan. Bu haqida 23-fevral kuni boʻlib oʻtgan Respublika maxsus komissiyasi yigʻilishida maʼlum qilindi, deya xabar bermoqda “Daryo”.

 

Eslatib oʻtamiz, 2021-yilning avgust oyida Mehnat kodeksining 113-moddasiga qoʻshimcha kiritilgan edi. Unga koʻra, xodim profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli ekani belgilangan.

 

Sanitariya-epidemiologiya xizmati boshligʻi Bahodir Yusupaliyevning aytishicha, 28 ming 500 ta xoʻjalik yurituvchi subyektda va 44 ming 600 ta byudjet tashkilotlarida oʻrganish-reyd tadbirlari oʻtkazilgan.

 

“Xodimlarning emlanganlik holatini oʻrganish tekshiruvlarida davomida jami 89 ming 400 nafar vaksina olmagan shaxs aniqlangan. Shundan 45 ming 600 nafar shaxs ishdan vaqtinchalik chetlatilgan. 4 ming 600 ta holatda ish beruvchiga nisbatan jarima chorasi, 246 ta obyektga nisbatan faoliyatini vaqtinchalik toʻxtatish chorasi qoʻllanilgan”, dedi xizmat boshligʻi.

 

Yigʻilishda 1-martidan boshlab ish beruvchilarga ishchi-xizmatchilarning koronavirus infeksiyasiga qarshi emlanganlik darajasini yanada oshirish topshirigʻi berilgan.

 

“Buster doza bilan emlanish darajasini 90 foizdan oshirish vazifasi qoʻyildi. Buning uchun davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlarning xodimlarini koronavirus infeksiyasiga qarshi, shu jumladan, buster dozasi bilan emlanmaganligi aniqlanganda ularni vaqtinchalik ishdan chetlashtirishi lozim. Xodim koronavirus infeksiyasiga qarshi buster doza bilan emlanishni rad etganda ish beruvchi uni ishdan chetlashtirilishini Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan qatʼiy nazoratga olinishi kerak”, dedi Bahodir Yusupaliyev.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//