Madaniyat
Kuni kecha O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Tarjima kengashi faoliyatining 2021-yil yakunlariga bag‘ishlangan hisobot yig‘ilishi o‘tkazildi.
Kun tartibida ko‘rilgan masalalar yuzasidan Bahrom Akbarov, Nikolay Ilin, Murtazo Saydumarov, Ma’ruf Toshpo‘latov, Gulnoza Mamarasulova, Shermurod Subhon faoliyatga doir hisobotni taqdim etdi. Yig‘ilishni kengash raisi Zuhriddin Isomiddinov olib bordi.
– “Mahbub ul-qulub” asari Dmitriy Radkevich tomonidan belorus tiliga tarjima qilinib, Minsk shahrida chop etildi. Mazkur asar Ramiz Asqar tomonidan ozar tiliga ham o‘girilib, 2021-yil mart oyida Boku shahrida hamda O‘rozboy Abdurahmonov tomonidan qoraqalpoq tiliga tarjima qilinib, may oyida nashr etildi, – deya ta’kidladi uyushma raisi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq. – Alisher Navoiyning Jonibek Quvnoq tarjimasidagi “Layli va Majnun” dostonining qayta nashri ham quvonchli voqea bo‘ldi.
Hisobot davrida “Adabiyot” nashriyotida toshkentlik yozuvchi Galina Dolgayaning “Pesni beguщyey vodы” romani Risolat Haydarova tarjimasida “Yugurik suvlar qo‘shig‘i” nomi bilan bosilib chiqdi. Shuningdek, o‘ttizdan ortiq yosh shoirlarimizning she’rlari turk tiliga tarjima qilinib, “Ko‘ngil ko‘prigi” nomida chop qilindi. “Olov so‘zlar” nomli to‘plamdan esa o‘n ikki yosh shoir, olti yosh yozuvchining ingliz tiliga o‘girilgan she’r va hikoyalari o‘rin oldi. Ikkala to‘plam ham Toshkentda nashrdan chiqqani aytib o‘tildi.
– “Rus adabiyoti durdonalari” 100 jildligini nashr etish ishlari yakunlangani quvonchli voqealardan biri bo‘ldi, – deydi kengash a’zosi Risolat Haydarova. – Shu loyiha doirasida ko‘plab nasriy roman va qissalar o‘zbek tiliga tarjima qilindi, o‘ttizdan ortiq rus shoirlari she’rlarining yangi tarjimalari yaratildi. “Qoraqalpoq adabiyoti durdonalari” 16 jildlik asarlar majmuasining 5 ta jildi tayyorlab, nashriyotga topshirildi. Qolgan jildlari ustidagi ishlar qizg‘in davom etyapti.
Hozir “Turkiy adabiyot xazinasidan” 100 jildlik asarlar majmuasi ustidagi ishlar davom etyapti. Bu majmua katta adabiy davrni o‘z ichiga olgan ko‘lamdor loyiha bo‘ldi. Majmua 350 dan ziyod yozuvchi va shoir ijodini qamrab oladi.
Yozuvchi Qo‘chqor Norqobilning kitobi Serbiyada, Rossiyada chop etildi. Rossiyaning “Kamerton”, Ukrainaning “Avtograf” elektron jurnallarida Risolat Haydarova, Xoliyor Safarov, Umid Ali, Furqat Alimardon, Jasur Kengboyev, Nodirabegim Ibrohimovalarning hikoyalari bosildi.
Yig‘ilish yakunida kengashning yil yakunlari bo‘yicha tegishli qarori qabul qilindi va joriy yildagi rejalari belgilab olindi.
Siyosat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q