Ilm-fan
Payshanba kuni oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abuqodir Toshqulov qoraqalpogʻistonlik talabalar bilan uchrashuvda oʻzining oʻqish yillaridagi voqealarni yodga oldi.
Vazir oddiy oilada tugʻilib oʻsgani, vaqtida qora ish qilishga ham majbur boʻlganini aytdi.
«1993-yilda oʻqishga topshirish hozirgiday ham emasdi. Hujjat topshirayotgan vaqtingizga hozir sizlarning koʻpchiligingiz onlayn topshirdingiz. Surxondaryoning Termiz davlat universitetida oʻqiganman. Uyoqda Qoraqalpogʻistondagidek havo issiq. Iyul oyida +50 [gradusdan] yuqori boʻladi. Men esa togʻli tuman, salqin joyda tugʻilganman. Kelib bir hafta hujjat topshira olmaganman. 1 hafta navbatda turganman», — dedi u.
Shuningdek, u oʻsha vaqtlarda shahar hamda qishloq bolalarini ajratish, mahalliychilik holatlari juda koʻp uchraganini taʼkidladi.
“U payt «shaharning bolasi”, “qishloqning bolasi” degan ajratish ham juda avjida edi. Shaharning bolasi kelib, surib, boshqa qilib topshirib ketardi. Qishloqning bolasi esa oʻsha [turgan] yerida, quyoshning tagida qolardi. Eng achinarlisi, «skorosshivatel»ning ichida pul qoʻshib berganlar hujjatini topshirib ketardi. Shu pul menda yoʻq edi. Qoʻlimdan hech kim yetaklab kelmagan. Tanish-bilishi bor hujjatini shunday topshirardi. Tanishi yoʻq esa kontrakt blankasini olmasdan hujjat ham topshirmas edi», — dedi Abduqodir Toshqulov.
“Kontrakt blanka tarqatishning ball bilan aloqasi yoʻq edi. Hujjat topshirayotganda kim shartnoma olib hujjat topshirsa, u necha ball olishidan qatʼiy nazar shartnoma bilan oʻqir edi. Tanish-bilish qilib, „xola-xola” qilib hujjat topshirgan necha ball olishidan qatʼiy nazar chiziqdan tepada boʻlsa, grantda [byudjet hisobidan] oʻqir edi», — deya soʻzlab berdi vazir.
Uning soʻzlariga koʻra, oʻshanda 93 ball olganlar grantda oʻqigan. Vazir esa 117 ball bilan toʻlov shartnoma asosida taʼlim olgan.
Toshqulov oʻsha vaqtda uning oilasida ham sharoit yaxshi boʻlmagani, onasi tillalarini sotib uning birinchi yillik kontraktini toʻlab bergani va shu yili u hamma fanini “5 ga yopganini” aytdi.
Vazir oʻqituvchisi bilan bogʻliq bir sirni ochiqladi: “Bir fan oʻqituvchisi, hech baho qoʻymay, «4 qoʻyib beraman”, dedi. U ham oʻsha vaqtdagi tizim — hamma baho 5 boʻlsa, “kontrakt” “grant”ga aylanishini bilardi. Men shundan oʻtmasam, oʻqiy olmayman dedim. 1993-yil — mustaqillikka oʻtgan yil edi. Hech kimda pul yoʻq, [shartnoma pulini] qarindoshing ham toʻlab bermaydi. Oʻsha vaqtda eslayman, kontrakt bitta videopleyerning narxidek — 250 ming soʻm edi… Hamma savoliga javob berayapman. 4 [baho] qoʻyaman deydi. Allaqachon, kimlardandir pulni terib olgan. Men esa bermaganman. Oxiri u — “uyimga 4 telejka somon” kelgan. Shuni tashib bersang, 5 baho qoʻyib beraman, dedi».
U otasi 17 yoshigacha ham somon tashittirmaganini eslab, bunga sabab uning allergiyasi borligini aytdi. Xattoki teleekran orqali kombayn bugʻdoy oʻrayotganini koʻrganda ham chuchkirib qolganini aytgan. Shunga qaramasdan, yana bir kursdoshi bilan ustozining shartini bajarganini, buning oqibatida esa yotoqxonaga kelganida yuzlari shishib, bir hafta yotib qolganini yodga oldi.
Uning soʻzlariga koʻra, voqeaning davomini undanda qiziq davom etgan. Yillar oʻtib, Abduqodir Toshqulov oʻzi tahsil olgan universitetga rektor boʻlib borgan.
“Men oʻzim oʻqigan universitetga rektor boʻlib bordim. Oʻsha odam ishsiz ekan, men uni qaytadan ishga oldim. Haligi voqeani eslatmadim, u eslolmaydi ham. Oʻshanda undan 2 ta narsani iltimos qildim. «Oʻsha vaqtda oylik kam boʻlgandir, siz pora olgan edingiz. Buni 100 foiz bilaman. Lekin, darsni yaxshi oʻtardingiz. Shu sababli birinchidan — pora olmang, ikkinchidan — talabani uyingizga olib borib, ishlatmang”, — deya shart qoʻyganini tilga oldi.
Vazirning taʼkidlashicha, hozirda professorlarning oyligi oshmoqda. Chet elda bitta professorlik uchun maosh toʻlanmaydi, loyihasi uchun haq toʻlanadi. U professorlar izlanishlardan tinmasligi lozimligini aytgan.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q