Fuqarolarga ochiq havoda niqob taqmaslikka ruxsat beriladi

Saqlash
02:11 / 24.02.2022 789 0

 

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yig‘ilishida mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari kamayayotgani bois avval joriy etilgan muayyan cheklovlarni olib tashlash masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

So‘nggi kunlarda yanvar oyiga nisbatan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashga mo‘ljallangan maxsus 1 va 2-son Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonalariga bemorlar gospitalizasiyasi 7 baravarga kamaygan.

2022 yil yanvar oyida “103” tez tibbiy yordam xizmatiga kunlik chaqiriqlar soni respublika bo‘yicha 34 mingta bo‘lgan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich oxirgi kunlarda 20 mingtani tashkil etmoqda. Ya’ni, deyarli 1,5 barobarga kamaydi.

Bugungi kunda kasallikning tarqalganlik darajasi 0,4 ni tashkil etmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlari xulosasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 1,0 gacha bo‘lsa, vaziyat barqarorligini anglatadi. 

Xorijiy ommaviy axborot vositalarining tarqatayotgan xabarlariga ko‘ra, bugungi kunda aksariyat mamlakatlar koronavirus infeksiyasini endemik kasallik sifatida tan olib, asosiy cheklovlarni, hatto niqob taqish tartibi va COVID-19 pasportlarini bekor qilish niyatida ekanini ma’lum qilmoqda.

Shu bilan birga, Yevropa davlatlari aholini emlash jarayonini kuchaytirishni taklif etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, COVID-19 ga qarshi emlash tadbirlari uchun olib kelingan va mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan vaksinalar soni 53,7 mln. dozani (7 turdagi) tashkil etmoqda. Shuningdek, O‘zbekistonda 18,1 mln. doza vaksina ishlab chiqarildi. 

Yuqoridagi ma’lumotlardan kelib chiqib, joriy yilning 1 martidan boshlab fuqarolarning ochiq havoda niqob taqmasligiga ruxsat berildi.

Shuningdek, epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda fuqarolarning ijtimoiy masofasini ta’minlash qiyin bo‘lgan joylarda: 

jamoat transportida, 
yirik savdo do‘konlarida, 
ta’lim muassasalarida, 
davlat va nodavlat idoralarida, 
masjidlar, teatr, kinoteatr, muzey, san’at saroylari, maishiy xizmat ko‘rsatish muassasalari va boshqa odamlar gavjum joylarda niqob taqish tavsiya etildi.

Sog‘liqni saqlash muassasalarida tibbiyot xodimlarining, ular koronavirus bilan kasallanganlar bilan aloqada bo‘lishidan qat’i nazar, niqob taqishi talabi saqlab qolindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//