Oʻzbekistonda ilk bor koʻp darajali test tizimi joriy etiladi

Saqlash
17:15 / 22.02.2022 2422 0

Chet tilini bilish darajasini aniqlash sinovlarida amaldagi har bir daraja (A2, V1, V2, S1) uchun alohida imtihon topshirish tartibiga qoʻshimcha umumlashtirilgan koʻp darajali (Multi-level) test tizimi (V1, V2, S1) joriy qilinadi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

 

Multi-level test tizimi xorijiy mamlakatlarda keng qoʻllab kelinadi. Oʻzbekistonda ilk bor joriy etilmoqda. Bunda talabgor bir marta imtihonlarda ishtirok etib, natijalariga koʻra, qaysi darajaga mosligi aniqlanadi va tegishli daraja sertifikati beriladi.

 

Koʻp darajali test tizimi 2022-yil 1-martdan – ingliz tili uchun, 2022-yil 1-noyabrdan – nemis, fransuz va arab tillari uchun joriy etiladi.

 

Koʻp darajali test sinovi “tinglab tushunish” va “oʻqish” boʻlimlarining har biri 35 ta topshiriqdan, “yozma ish” boʻlimi ikkita yozma topshiriqdan (birinchi topshiriq – 100-150 ta soʻzdan, ikkinchi topshiriq – 200-250 ta soʻzdan) iborat boʻlsa, “gapirish” boʻlimi topshiriqlarning 3 ta turidan iborat boʻladi.

 

Maʼlumotnoma olish uchun malaka imtihonlari yil davomida ikki marta – aprel hamda oktyabr oylarida oʻtkaziladi. Talabgorlar malaka imtihonlari uchun yil davomida roʻyxatga olinadi. Talabgorlarni roʻyxatga olish aprel oyida oʻtkaziladigan malaka imtihoni uchun 31-mart sanasida, oktyabr oyida oʻtkaziladigan malaka imtihoni uchun 30-sentyabr sanasida yakunlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//