“Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ayrim viloyatlarda 370 mln dollarlik loyihalarni ishga tushiradi

Saqlash
15:02 / 22.02.2022 708 0

«Oʻzsanoatqurilishmateriallari» uyushmasi joriy yilda qariyb 370 mln dollarlik 12 ta loyihani ishga tushiradi va 1035 ta yangi ish oʻrni tashkil etadi. Bu haqida uyushma matbuot kotibi AOKAda oʻtkazilgan brifingda maʼlum qildi.

 

Taʼkidlanishicha, yirik investitsiya loyihalari asosan Toshkent, Sirdaryo, Navoiy, Samarqand, Fargʻona, Buxoro viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida amalga oshiriladi.

 

Misol uchun, «Qizilqumsement» AJda 126 mln dollar investitsiya hisobiga yiliga 1,8 mln tonna klinker (4-liniya) ishlab chiqarish tashkil etiladi. Natijada korxona qoʻshimcha quvvatga ega boʻladi.

 

Toshkent shahrida esa «Oriyent Keramik» MCHJ tomonidan yiliga 9,0 mln.kv.m keramik plitkalar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Loyihaning umumiy qiymati 42 mln dollarni tashkil etadi.

 

Mamlakatimizning shimoliy hududi boʻlmish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qoraoʻzak tumanida umumiy qiymati 50 mln dollar investitsiya hisobiga «Qoraqalpoqsement» MCHJ QKda sement ishlab chiqarishni 1,1 mln tonnaga kengaytirish ishlari amalga oshiriladi. Natijada 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.

 

Navoiy viloyati Karmana tumanida "Gazgan Marble Group“ MCHJ tomonidan yiliga 300 ming kv.m marmar jinslaridan kompozit materiallar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Shuningdek, Toshkent viloyatida ”AKFA BUILDING MATERIALS" MCHJ XK tomonidan yiliga 450 ming kub metr gazobeton bloklarini ishlab chiqarish tashkil etiladi.

 

Ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 11,6 mln dollarlik eksport imkoniyatlari kengayadi, shuningdek, 86,3 mln dollarlik import qisqartiriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish