Chilonzorda yana bir strit-art yoʻnalishida chizilgan surat boʻyab tashlandi

Saqlash
15:23 / 21.02.2022 918 0

Toshkentning Chilonzor tumanida rassom Inkuzartning Albert Eynshteynni turli formulalari bilan birga chizgan portreti boʻyab qoʻyildi.

 

 

 

Inkuzart nomi bilan mashhur rassom Telegram-kanalida qanday qilib graffitini chizgani, keyin esa ishchilar devorni boʻyab tashlayotgani koʻrsatilgan videoni eʼlon qilib, “Chilonzor hokimiga rahmat!” deya izoh qoldirgan.

 

Gazeta.uzning xabar berishicha, strit-art chizilgan bino buzilishga tushgani uchun boʻyab qoʻyilgan. Tuman hokimining Arxitektura, qurilish va kommunikatsiyani rivojlantirish boʻyicha oʻrinbosari Abror Ahmedovning soʻzlariga koʻra, rasm chizilgan bino noqonuniy qurilma boʻlgani uchun buzilishga tushgan, rassomga esa boshqa “qulay joy tavsiya etiladi”.

 

Turoperator va gid Rustam Xusanov holatni mantiqsizlik deb atagan. “Bolalar, aholi bu yerni yaxshi koʻrishardi, bu yerda ekskursiyalar oʻtkazishardi”, — deya yozgan u Facebookdagi sahifasida. Uning soʻzlariga koʻra, ilgari devorda asosan katta qilib haqoratli soʻzlar yozilgan, yerda esa pivo idishlari yotgan.

 

Eslatib oʻtamiz, 18-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Yangihayot tumaniga tashrifi chogʻida “Doʻstlik” mahallasida chizilgan strit-art namunasi boʻlgan muralni maqtagan edi. “Nega hammayoqqa shunday qilmaysizlar? Bu mural ham odamning kayfiyatiga ijobiy taʼsir qiladi”, — degan Prezident masʼullarga.

 

Avvalroq inkuzartning UzAuto Motorsdagi uzundan uzun navbati tanqid qilib chizilgan surati ham boʻyab, oʻchirib ketilgandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//