Oʻzbekistonda yana bir milliy tabiat bogʻi va davlat qoʻriqxonasi tashkil etildi

Saqlash
16:29 / 17.02.2022 1092 0

Prezidentning “Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tizimida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan Navoiy viloyatining Uchquduq tumanida maydoni 1 200 000 gektar boʻlgan “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bogʻi va Tomdi tumanida 40 000 gektar maydonga ega “Oqtogʻ-Tomdi” davlat qoʻriqxonasi tashkil etildi. Bu haqida Davlat ekologiya qoʻmitasi Matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Milliy tabiat bogʻi va davlat qoʻriqxonasi Qizilqum choʻlining noyob tabiiy majmua va obyektlarini, yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan noyob hayvonlar va qushlarni hamda oʻsimlik turlarini, u yerlardagi landshaftlarni muhofazaga oladi.

 

Xususan, Qizilqum choʻlining markaziy qismidagi tabiiy majmua va obyektlar, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Qizil Kitobiga kiritilgan 30 dan ortiq turdagi noyob hayvon turlari, 10 dan ortiq oʻsimlik turlari hududiy jihatdan muhofaza ostiga olinadi.

 

Shuningdek, mazkur hududlarda noyob hayvon turi – jayronning Qizilqum choʻlidagi populyatsiyasining qariyb 80 foizi hayot kechiradi.

 

Taʼkidlanashicha, ushbu hududlar muhofazalanishi natijasida yaqin oʻn yillik davrda hayvonlarning bosh soni kamida 15 foizga ortishi, oʻsimlik populyatsiyalarining tarqalish areallari 20 foizga kengayishiga erishiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//