Prezident qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qarorni imzoladi

Saqlash
20:22 / 11.02.2022 1428 0

“Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

 

Unga koʻra, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qadimiy yozma manbalarni markazlashgan holda saqlash, tadqiq etish, ularning holatini doimiy monitoring qilish boʻyicha masʼul davlat muassasalari etib belgilandi.

 

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi davlat reyestrini shakllantirish va yuritish, shuningdek, qadimiy yozma manbalarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish uchun masʼul davlat muassasasi etib belgilandi.

 

Respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvalini ishlab chiqib, tasdiqlasin hamda xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etilishini yoʻlga qoʻyiladi.

 

Xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fondlarda saqlanayotgan yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining ijodiga mansub boʻlgan qadimiy yozma manbalarning kataloglarini va elektron nusxalarini aniqlab, Markaz fondiga olib kelish va ilmiy muomalaga kiritish yoʻlga qoʻyiladi.

 

Davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasarrufiga oʻtkaziladi.

 

Markaz huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi tashkil etiladi.

 

Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti, Buxoro davlat universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik” taʼlim yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun zarur kvotalar doimiy ajratib boriladi.

 

Internet jahon axborot tarmogʻida yurtimiz allomalari va mutafakkirlarining hayoti hamda maʼnaviy merosi haqidagi ilmiy-maʼrifiy portal va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

 

Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi M.M.Kamilov zimmasiga yuklatilgan.

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//