O‘zbekistonda taniqli shaxslarning dori vositalari reklamasida ishtirok etishi taqiqlanadi

Saqlash
14:27 / 11.02.2022 1009 0

Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda yangi tahrirdagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

 

Yangi tahrirdagi Qonun bilan normalarni qo‘llashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib, yangi tushunchalar kiritilmoqda. Masalan, “reklama ob’yekti”, “nomaqbul reklama”, “axloqsiz reklama”, “yashirin reklama”, “homiylik” kabi yangi tushunchalar bilan to‘ldirilmoqda.

 

Shuningdek, televideniye, radio, bosma ommaviy axborot vositalari va telekommunikasiya tarmoqlarida reklama joylashtirish tartibi takomillashtirilmoqda. Jumladan, telekanallarda davomiyligi o‘n daqiqadan kam bo‘lgan teleko‘rsatuvlarni reklama bilan uzib qo‘yishga va reklama bilan birga namoyish etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Bundan tashqari, dori vositalarini reklama qilishda quyidagilar taqiqlanmoqda: taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi ko‘rinishi shifokorlarning tashqi ko‘rinishiga o‘xshash shaxslarning ishtirok etishi; olimlarning, tibbiyot xodimlarining tavsiyalaridan, xuddi shuningdek alohida shaxslarning minnatdorchiligidan, tavsiyalaridan va reklama qilinayotgan dori vositalarining ta’siri haqidagi hikoyalaridan iborat bo‘lgan tavsiyalardan foydalanish.

 

Shuningdek, ishchi guruh a’zolari qonunda bayon etilgan ayrim moddalar hayotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq jarayonlarga ham o‘z e’tiborini qaratdi. Ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning o‘ziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekommunikasiya tarmoqlari va internetda tarqatiladigan reklamaga qo‘yiladigan talablar batafsil ko‘rib chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//