Toshkentning Eski shahar hududida art-rezidensiyalar yaratish tashabbusi ilgari surildi

Saqlash
16:39 / 10.02.2022 1025 0

Oʻzbekiston Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi Toshkentning Eski shahar hududida art-rezidensiyalar yaratish tashabbusini ilgari surdi. Bu haqida jamgʻarma matbuot xizmati xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, loyiha dizayn-konsepsiyasi jahon talablarini inobatga olgan holda Marokashdagi «Studio KO» meʼmorchilik byurosi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Ushbu loyiha Alisher Usmonovning “Sanʼat, ilm va sport” xayriya jamgʻarmasi koʻmagida amalga oshiriladi.

 

 

“Yurtimiz va chet elliklar uchun ijodiy maskanni tashkil etish boʻyicha poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan ikkita obyekt tanlab olindi”, deyiladi xabarda.

 

Birinchi obyekt “Namuna” mahallasida joylashgan, anʼanaviy meʼmoriy koʻrinishi saqlab qolingan hamda qayta taʼmirlangan «Matkarimboy» madrasasi boʻlib, ushbu manzil ijodiy maydon yaratish uchun xizmat qiladi. Ikkinchi obyekt esa eski bolalar bogʻchasi – «Hastimom» mahallasida joylashgan.

 

 

Maʼlum qilinishicha, Toshkentdagi art-rezidensiyalar Zamonaviy sanʼat markazining taʼlim yoʻnalishi uchun platforma, hamda mahalliy va xalqaro ijod vakillari oʻrtasida hamkorlik uchun xizmat qiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//