Jamiyat
Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida oʻqituvchilar oʻquv muassasasida taʼlim sifati, oʻquvchilarning oliygohlarga kirish koʻrsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib uzr soʻragani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokamalarga sabab boʻldi.
Xabarda aytilishicha, 4-fevral kuni tuman hokimligi vakillari bilan birgalikda ota-onalar yigʻilishi oʻtkazilgan. Unda oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasalariga kirish koʻrsatkichlari pastligi uchun direktor boshchilik oʻqituvchilar hokimlik vakillari topshirigʻiga binoan “biz aybdormiz”, deya ota-onalardan kechirim soʻragan.
“Yigʻilish ssenariysi mualliflari — XTB mudirasi va hokim yordamchisi uzrbozlikka bosh-qosh boʻldi. Ustozlarning «ayb”lari ayovsiz ochib tashlanayotganida ayrim hamiyatli ota-onalar soʻzga chiqib, ustozlardan uzr soʻrashdi. “Sizlarning oʻrningizda biz boʻlishimiz kerak”, deyishdi», — deya hikoya qiladi tadbirda ishtirokchisi. Ammo shundan keyin ham masʼullar poʻpisa qilishda davom etishgan. Shu kabi mazmundagi yigʻilishlar Marhamat tumanidagi 9-, 27-, 43-maktablarda ham oʻtkazilgan.
Ushbu xabardan soʻng Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov telegram sahifasida holat “tashabbuskorlariga” chora koʻrilishini maʼlum qildi.
“Hozirda Xalq taʼlimi vazirining huquqiy-nazorat xizmati tomonidan ishchi guruh tashkil etilib, holatni oʻrganmoqda. Bunday holatlarga yoʻl qoʻygan «tashabbuskorlarga” albatta tegishli chora koʻriladi», degan u.
Shuningdek, vazir holatni davlat siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deya baholagan va oʻqituvchilardan qadr-qimmatlarini yerga urishga yoʻl qoʻymasliklarini soʻradi. “Bu harakat qanday maqsadda amalga oshirilgani menga qorongʻu, lekin aybdorlar albatta javob berishi kerak. Sizning bu darajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yoʻq!”, deya yozadi u.
Ijtimoiy tarmoqlarda qator bloger va jamoatchilik vakillari voqelikni qattiq tanqid ostiga olib, “tashkilotchi”larga qonuniy choralar koʻrish kerakligini yozishdi.
Xususan, Mass-media fondi raisi Komil Allamjonov holat yuzasidan hokim uzr soʻrashi keraligini aytgan. “Andijonda oʻqituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr soʻrashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan oʻzi barcha ustozlardan uzr soʻrashi kerak”, deya yozgan oʻz sahifasida.
Oʻz navbatida Andijon viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham munosabat bildirdi. Hokim holat oʻz nazorati ostidaligini aytib, ushbu xatoga yoʻl qoʻygan har qanday rahbarlarga qonunda belgilangan jazo choralarini koʻrilishini taʼminlanishini taʼkidlagan.
“Andijonda hech bir ustoz va murabbiylarimiz bunday holatga tushishlariga yoʻl qoʻymayman, zero sizning oldingizda sharafli mehnatingizni qadrlagan holda taʼzimdamiz”, degan u.
Shuningdek, Marhamat tumani hokimi Bobur Yoʻldoshev holat yuzasidan munosabat bildirib, oʻqituvchilardan uzr soʻradi.
“Marhamat tumanidagi oʻqituvchilar va ota-onalar hamkorligida oʻtkazilgan yigʻilishdagi holatlar oʻqituvchilarning ruhiyatiga taʼsir qilgan boʻlsa, men tuman hokimi sifatida barcha ustoz-murabbiylardan uzr soʻrayman. Barcha ustoz-murabbiylarni doimo qoʻllab-quvvatlab, ularga yelkadosh boʻlib, taʼlim sifatini oshirish, yetuk insonlarni tarbiyalashda kamarbasta boʻlamiz”, degan hokim.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q