Buxoroda qadimiy majmua auksionga qoʻyilgani aniqlandi

Saqlash
14:51 / 08.02.2022 966 0

Ijtimoiy tarmoqlarda “Chor Bakr” majmuidagi yer auksion savdoga qoʻyilganligi toʻgʻrisida eʼlon qilingan maʼlumotlar yuzasidan Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.

 

Madaniy meros inspeksiyasi hamda Madaniy meros agentligining oʻtkazgan xizmat tekshiruvi natijasida Buxoro tumanida joylashgan davlat muhofazasiga olingan “Chor Bakr” (majmuasi) madaniy meros obyektining muhofaza tegralarida yer uchastkalari ijaraga va mulk huquqi asosida noqonuniy elektron onlayn-auksionga qoʻyilgani aniqlangan.

 

Shundan soʻng Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan Kadastr agentligining Davlat kadastrlar palatasi Buxoro viloyati boshqarmasiga “Chor Bakr” majmuasi qoʻriqlanadigan tegrasidan 0.018 ga 6 ta jami (0.10,8 ga) boʻsh turgan yer uchastkasini “YERELEKTRON” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan chiqarib tashlash choralarini koʻrish haqida murojaat xati yoʻllangan.

 

Ayni vaqtda ushbu majmuani YUNESKO Umumjahon merosi obyektlari roʻyxatiga kiritish mutaxassislar ishtirokida, ilgʻor va yuqori texnologik uskunalardan foydalangan xolda nomzodlik hujjatlari tayyorlanib, belgilangan tartibda YUNESKO Umumjahon merosi markaziga taqdim etilgan.

 

Shuningdek, majmua tegrasidagi yerlarning auksionga qoʻyilishi yuzasidan hujjatlar huquq-tartibot organi idoralariga yuborilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//