Siyosat
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-fevral kuni qurilish loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Maʼlumki, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Uning qurilishi oʻtgan yili Ramazon oyida boshlangan edi. Bugungi kunda binolar qad rostlab, pardozlash ishlariga oz fursat qoldi. Taqdimotda majmuaning ichki va tashqi koʻrinishiga oid chizmalar koʻrib chiqildi.
Unga koʻra, majmua devorlari milliy naqshlar, pardozbop toshlar bilan sayqallanadi. Imom Buxoriy bobomiz maqbarasida naqqoshlik va xattotlik sanʼati uygʻunlashadi. Uning devorlariga qadimiy uslubda Qurʼoni karim suralari va hadislar yoziladi. Barcha pardozlash ishlarida yorqin, “issiq” ranglardan koʻproq foydalaniladi.
Xorazm viloyatida ham katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning izchil davomi sifatida Urganch shahrida Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaga koʻra, u yerda universitet, maktab va bogʻcha, IT park, fan va madaniyat markazlari, sport majmuasi barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy maydoni boʻladi, buyuk allomaning yangi haykali oʻrnatiladi.
Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasi ham qurilmoqda. Bugungi kunda jasur sarkardaning muhtasham haykali oʻrnatilgan. Atrofdagi qariyb 8 gektar maydon obodonlashtirilmoqda.
Shunga yaqin joyda ming oʻrinli sanʼat saroyi bunyod etish ham moʻljallangan. U yerda Xorazm lazgisi anʼanalarini saqlash, oʻrganish va keng yoyish uchun zamonaviy sharoit yaratiladi. Turli tadbirlar, konsertlar oʻtkaziladi.
2020-yil 22-oktyabrda “Harbiy tibbiyot sohasida kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Harbiy tibbiyot akademiyasi tashkil etildi.
Qarorda mazkur Akademiya uchun yangi binolar qurish va oʻquv-moddiy bazasini takomillashtirish boʻyicha vazifalar belgilangan. Taqdimotda shu boradagi loyihalar haqida ham axborot berildi. Unga koʻra, oʻquv va davolash binolari, yotoqxona, xizmat uyi qurilib, mavjud obyektlar taʼmirlanadi, hudud obodonlashtiriladi.
Prezidentimiz loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Davlatimiz tomonidan sport rivojiga katta eʼtibor qaratilib, zarur infratuzilma yaratilmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. 160 gektarni egallaydigan mazkur shaharchada universal stadion, ochiq va yopiq sport majmualari, yotoqxona, mehmonxona, Chirchiq daryosida eshkak eshish havzasi barpo etiladi. Bu infratuzilma yirik musobaqalar oʻtkazish va boʻlajak Olimpiya zaxiralari instituti uchun oʻquv-mashgʻulot bazasi boʻladi.
Mamlakatimizda sayyohlar uchun keng sharoit yaratilmoqda. Jumladan, Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida “Chorvoq” turistik-rekreatsion zonasi tashkil etilmoqda. Prezidentimizga shu boradagi ishlar haqida ham maʼlumot berildi.
Unga koʻra, Chorvoq suv ombori va Chirchiq daryosi boʻyida ekoturizm obyektlari barpo etiladi. Buning uchun avvalo qulay transport tizimi yoʻlga qoʻyiladi. “Chorvoq darvozasi” va “Yusufxona” hududlarida dam olish joylari, Janubiy Xoʻjakentda anʼanaviy togʻ qishlogʻi barpo etiladi. Hududning xushmanzara tabiati va relyefini saqlab qolishga alohida eʼtibor qaratiladi. Bogʻlar, piknik joylari, velosiped yoʻlaklari tashkil qilinadi. Shunday loyiha Chimyon hududida ham rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari bu majmualar ommabop boʻlishi zarurligini taʼkidlab, barcha yurtdoshlarimiz, turli kasb egalariga mos arzon va qulay xizmatlar taklif etish vazifasini qoʻydi.
Toshkent shahrini yondosh hududga kengaytirish, yangi quriladigan mavzelarni infratuzilma va transport xizmatlari bilan taʼminlash boʻyicha loyiha konsepsiyasi ham koʻrib chiqildi.
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Jahon
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q