Jamiyat
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev tadbirkorlarga murojaat bilan chiqdi.
«Hurmatli tadbirkorlar va ishbilarmonlar!
Barchamizga maʼlumki, Davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishni soddalashtirish, qurilishga ruxsat berishning shaffof tizimini joriy etish borasida koʻplab hujjatlar qabul qilingan.
Shu oʻrinda aytish joizki, tadbirkorlik obyektlarini barpo etishda, albatta, yer uchastkasini ajratish eng dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
Shu bois 2021-yil iyun oyida Prezidentimizning tarixiy Farmoni qabul qilinib, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibi joriy etildi. Xususan, tadbirkorlik obyektlarini qurish uchun yer uchastkalari faqat elektron onlayn-auksion orqali ajratilishi belgilandi.
Tuman (shahar) hokimlarining toʻgʻridan-toʻgʻri yer maydoni ajratish boʻyicha qaror qabul qilish vakolati bekor qilindi.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi, eng avvalo, xalqni rozi qilish, shaffoflikni taʼminlash, tadbirkorlarga har tomonlama ochiq boʻlgan sharoitlarni yaratish hisoblanadi.
Shunga qaramasdan, joylarda hanuzgacha yer maydonlarini toʻgʻridan-toʻgʻri ajratish, yerlarni oʻzboshimchalik bilan egallab olib, noqonuniy qurilmalarni qurish, yengil qurilmalarni oʻrnatish, avtobus bekatlari oʻrnida hech bir ruxsatsiz savdo doʻkonlarini qurish kabi salbiy holatlar koʻplab uchramoqda.
Ayniqsa, bunday qurilmalarning aholi yashash massivlari ichida, yoʻlning himoya hududlarida, katta bosim ostida boʻlgan suv, gaz quvurlari oʻtkazilgan himoya hududlarida barpo etilishi holatlari aholi tinchligi va xavfsizligiga, tashqi muhandislik tarmoqlarini qisqa muddatlarda taʼmirlashga salbiy taʼsir qilmoqda.
Soʻnggi vaqtlarda oʻzining tanishlari orqali yer olib berishni vaʼda qilayotgan yoki turli soxta “qarorlarni” koʻrsatib, kadastr hujjatini keyin hal qilib berishga ishontirib, yer sotib olishni taklif etayotgan shaxslar koʻpayib ketdi. Ularga ishonmang.
Tadbirkor mulkini buzish, unga zarar yetkazish bizning maqsadimiz emas.
Ammo amaldagi qonunchilikka muvofiq oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yerda qurilgan bino va inshootlarning mulk huquqi eʼtirof etilmaydi. Aksincha, ushbu yerni davlat zaxirasiga qaytarish uchun qurilgan binolar hech qanday kompensatsiya toʻlanmasdan buziladi hamda aybdor shaxslar jazoga tortiladi.
Bunda oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini davlatga qaytarish Yer kodeksiga muvofiq, hokimlarning qaroriga yoki sudning hal qiluv qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Albatta, turli qonunga xilof yoʻllar va hujjatlarsiz olingan yerlar noqonuniy boʻlib, aybdor shaxslarga nisbatan jazo muqarrar hisoblanadi.
Poytaxtimiz aholisi va deputatlarimizdan ham oʻzlari yashayotgan hududlarda noqonuniy ravishda oʻrnatilayotgan yengil qurilma doʻkonlar, fast-fud shoxobchalari va avtobus bekatlari oʻrnida qurilayotgan doʻkonlar haqida oʻz vaqtida vakolatli idoralarga xabar berishlarini, atrofdagi voqeliklarga befarq boʻlmasliklarini iltimos qilardim.
Hurmatli tadbirkorlar, ishbilarmonlar!
Tadbirkorlik insondan katta jasorat, aql, mehnat va mablagʻ talab qiladi. Tadbirkorlik bilan shugʻullanar ekansiz, oʻz mablagʻingizni ehtiyot qilib, yer olish uchun auksionda ishtirok etib, yerning qonuniy egasi boʻling.
Noqonuniy harakatlarga aralashib mablagʻingizga kuyib qolmang, aldanmang, sarmoyangizni toʻgʻri sarflang!
Oʻz biznesingiz uchun bino yoki yer uchastkasini sotib olishdan oldin vakolatli organlarning mutaxassislari, malakali huquqshunoslar va advokatlardan maslahat olishingizni iltimos qilaman!», deyiladi poytaxt hokimi murojaatida.
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q