Jahon
Kaliforniya shtatidagi San-Fransisko universiteti tibbiyot fakulteti professori Sharof Tugizov COVID-19ning salbiy taʼsiri, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi ishlab chiqilayotgan vaksinalar hamda mamlakatimizda aholini kasallikka qarshi emlash jarayonlari haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda “Dunyo” AA ma’lum qildi.
— Men bir necha yildan beri viruslar bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishi bilan shug‘ullanib kelaman.
SARS-CoV-2 virusi bundan qariyb ikki yil avval butun dunyoga tarqala boshladi. Ushbu virus o‘zgaruvchan bo‘lib, mutatsiyaga uchrab, yangi shtammlarni paydo qilmoqda. Xususan, so‘nggi paytlarda koronavirusning “delta” va «delta plyus» shtammlari aniqlandi.
Virus mutatsiyaga uchraganda kuchayib ketishi mumkin. So‘nggi tahlillarga ko‘ra, virusning har bir mutatsiyasi kuchliroq shtammni keltirib chiqarmoqda. Xususan, “delta” shtammi juda tez tarqalish xususiyatiga ega. U, ayniqsa, yosh yigit va qizlarda, bolalarda ko‘p kuzatilyapti. “Delta”ning erta o‘limga sabab bo‘lishi 2-3 foizga teng bo‘lmoqda.
Butun dunyoda COVID-19ga qarshi kurashish bugungi kunda juda dolzarb vazifaga aylangan. Virusni to‘xtatishning birdan-bir samarali yo‘li profilaktik vaksinatsiyadir. Dunyo olimlari tomonidan 5-6 ta sinovdan o‘tgan vaksinalar tayyorlandi. Ayni paytda ushbu vaksinalar butun dunyoda qo‘llanilmoqda. O‘zbekistonda ham bu vaksinalar mavjud. “Moderna”, “Pfayzer”, “Sputnik-V”, “ZF-UZ-VAC2001” vaksinalari shular jumlasidandir. Ularning barchasi chuqur tahlildan o‘tkazilgandan so‘ng amaliyotda qo‘llash uchun ruxsat berilgan.
Biz, olimlar yangi vaksinalar to‘g‘risidagi ilmiy maʼlumotlarni chuqur tahlil qilib borayapmiz. Mazkur pereparatlarning inson salomatligiga aks taʼsiri juda ham kam – 100 ming kishiga 1-2 ta holat to‘g‘ri kelmoqda. Koronavirusga qarshi olinayotgan vaksinalar inson organizmida immunitetni mustahkamlaydi.
Agar siz kasallikni boshdan o‘tkazgandan keyin emlangan bo‘lsangiz, sizda kasallikka chalinmaganlarga nisbatan kuchliroq immunitet hosil bo‘ladi. Koronavirusga qarshi emlanish kasallikni yuqtirish foizini kamaytiradi, yuqtirgan taqdirda ham ancha yengil kechishi ilmiy jihatdan tasdiqlangan. Shuning uchun vaksinaning ahamiyati nihoyatta kattadir.
Vaksinatsiya jarayonining kechikishi mamlakatda virusni nazorat qilishni qiyinlashtiradi. Virus o‘z-o‘zidan kuchayib, aholi orasida keng tarqala boshlaydi, yangi mutatsiyalarning paydo bo‘lishiga zamin yaratiladi. Shuning uchun aholi o‘z salomatligiga eʼtiborli bo‘lishi va, albatta, vaksina bilan emlanishi shart.
Men ZF-UZ-VAC2001 O‘zbekiston-Xitoy vaksinasi haqidagi ko‘plab ilmiy maqolalar bilan tanishib chiqdim. O‘ylashimcha, ushbu vaksinaning natijasi ancha yaxshi samara bermoqda. Salbiy asoratlari ham nihoyatda kam.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga qarshi vaksinalar haqida har xil yolg‘on va tasdiqlanmagan maʼlumotlar tarqalmoqda. Ilmiy asosga ega bo‘lmagan bunday mazmundagi mish-mishlarga ishonmaslik va ularning taʼsiriga tushib qolmaslik kerak, deb hisoblayman. Sog‘lig‘ingiz, avvalo, o‘zingiz va yaqinlaringiz uchun muhimligini yodda tuting.
Koronavirusga qarshi qanchalik tez emlansangiz, shuncha tez o‘zingizni va yon atrofingizdalarni ushbu kasallikdan himoya qilgan bo‘lasiz. Koranavirusni faqat vaksina olish orqali yengishimiz mumkinligini yoddan chiqarmang.
Sog‘lig‘ingizga eʼtiborsiz bo‘lmang! Barcha vatandoshlarimizga mustahkam salomatlik tilayman!
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q