Oʻzbekistonda xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha milliy kengash tashkil etiladi. Kengashga Shavkat Mirziyoyev raislik qiladi

Saqlash
15:34 / 07.02.2022 893 0

Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni “Xalq taʼlimi tizimini isloh qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishni imzoladi. Bu haqida OʻzA xabar qildi.

 

Unga koʻra, xalq taʼlimi tizimini yanada rivojlantirish, sohaga doir yangi tashabbuslarni ilgari surish va ularni qoʻllab-quvvatlash, taʼlim va tarbiya sifatiga bevosita va bilvosita taʼsir qilishi mumkin boʻlgan masalalarni hal qilish maqsadida milliy kengash tashkil etiladi.

 

Ushbu kengash raisi sifatida Shavkat Mirziyoyev, kengash raisi oʻrinbosari sifatida bosh vazir Abdulla Aripov belgilandi. Xalq taʼlimi vaziri Baxtiyor Saidov esa kengash kotibi boʻladi.

 

Kengash oldiga bir qator muhim vazifalar yuklatiladi. Xususan, milliy taʼlim tizimini yoʻlga qoʻyish, darslik va oʻquv qoʻllanmalarini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda ularning yangi avlodini yaratish, oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajriba asosida optimallashtirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish shular jumlasidan.

 

Shuningdek, oʻqituvchi kasbining maqomi va obroʻsini koʻtarish, ularning moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratishga koʻmaklashadi.

 

Bundan tashqari, umumiy oʻrta taʼlim muassasalari bino va inshootlarini qurish, rekonstruksiya qilish, joriy va mukammal taʼmirlash boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish va monitoringni olib borish, mazkur ishlarda zamonaviy texnologiyalar, energiya tejamkor materiallar qoʻllanilishini taʼminlash kabi vazifalarni bajarish kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//