Mirishkor tumani hokimi oʻrinbosari 50 ming dollar pora bilan ushlandi

Saqlash
15:12 / 07.02.2022 853 0

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi oʻrinbosari fuqaroga yer olib berishni vaʼda qilib 50 ming dollarni olgan paytida qoʻlga olingan. Bu haqida viloyat hokimi Murodjon Azimov ishtirokidagi apparat yigʻilishida maʼlum qilgan.

 

Qayd etilishicha, Mirishkor tumani hokimining 2021-yil sentyabr oyidan beri Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha oʻrinbosari sifatida ishlab kelayotgan oʻrinbosari U.Ya. fuqaroga yer olib berishni vaʼda qilib, 80 ming dollar soʻragan. 2022-yilning 5-fevral kuni soʻralgan pulning 50 ming dollarini olayotgan paytida qoʻlga tushgan.

 

«Mirishkorda, Muborakda "uchastkavoy" boʻlib ishlagan, viloyat IIBda boshqarma boshligʻi oʻrinbosari boʻlgan muttaham 80 ming dollar soʻrab, 50 ming dollar bilan qoʻlga tushgan», — degan viloyat rahbari.

 

Taʼkidlanishicha, viloyat hokimi mazkur maʼlumotni jamoatchilikka ochiqlab, Mirishkor tumani hokimi Sherali Sanayevga ham dakki bergan. Sherali Sanayev esa bu holat tuman uchun isnod boʻlganini, hokimlik vakillarining yuzi yerga qaraganini bildirib, “Bizni aybimiz bu, huquq tartibot organlari bilan tizimli ishni yoʻlga qoʻyishni kelishib oldik. Vaʼda beraman endi bunday boʻlmaydi”, — degan.

MBosh prokurorining matbuot kotibining xabar berishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//