Jurnalistlar shaxmat o‘yinida musobaqalashdi

Saqlash
19:30 / 29.01.2022 1012 0

Kecha, 28-yanvar kuni O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi va uning Toshkent shahar bo‘limi homiyligida jurnalistlar o‘rtasida shaxmat musobaqasi tashkil etildi.

 

Dastlab musobaqaning Toshkent shahar bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda 40 ga yaqin jurnalistlar erkaklar va ayollar o‘rtasidagi turlarda ishtirok etishdi. Erkaklar o‘rtasida davom etgan  7 turda shaxmat ishqibozlari o‘zaro bir-biri bilan kuch sinashib, ochko to‘plab bordilar va yakunda eng kuchlilar saralandi.

 

Ayollar o‘rtasidagi  5 tur ham qizg‘in va murosasiz kechdi. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muxbiri Dilobar Mamatova hamda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti o‘qituvchisi Yoqutxon Erkaboyevalar o‘rtasidagi o‘yin juda qizg‘in kechdi.

 

MTRKning “Sport” telekanali muharriri Nodir Yaxshiyev va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Asror Mo‘min, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi   vakili To‘lqin Ro‘ziyev va “Adabiyot” gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Karim, “Mushtum” jurnali bosh muharriri Nosirjon Toshmatov va MTRK montajchi operatori Davron Gʻulomovlar juftligidagi o‘yinlar qisqa vaqt ichida bo‘lsa-da, keskin va qiziqarli kechdi. Olimjon O‘sarov va Husan Ermatovlarning bir-biriga qarshi dona surgan o‘yini esa hamkasblar tomonidan eng ko‘p kuzatilgan partiya bo‘ldi.

 

Shunday qilib, yetti turning barchasi yakunlangach, hakamlar natijalarni e’lon qildi. Unga ko‘ra mohir jurnalistlar Habib Temirov, Shohrux Akbarov va Shodmon Otabeklarga “Eng mohir o‘yinchi”, “Eng faol ishtirokchi”, “Eng yoshi ulug‘ shaxmatchi” nominasiyalari berilgan bo‘lsa, Asror Mo‘min yetti ochko bilan mutlaq birinchi, Nosirjon Toshmatov – ikkinchi, Nodir Yaxshiyev – uchinchi, Rashid Galiyev – to‘rtinchi va Akbar Nurmatov – beshinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

 

Qizlar o‘rtasida esa Yoqutxon Erkaboyevaga birinchi, Dilobar Mamatovaga ikkinchi, “Klass” gazetasi muxbiri Gulyora O‘rinboyevalarga uchinchi o‘rinni zabt etish baxti nasib etdi.

 

Gʻoliblarga Jurnalistlar ijodiy uyushmasining Toshkent shahar bo‘limi tomonidan tayyorlangan esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, faol ishtirokchilar nominasiyalar bo‘yicha  ham taqdirlanishdi. 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//