Taniqli olim Umarali Normatov vafot etdi

Saqlash
14:29 / 29.01.2022 974 0

Bugun, 29-yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Umarali Normatov 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati xabar qildi.

 

Umarali Normatov 1931-yilning 3-yanvar sanasida Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapqon qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tugatgan. 1952–2010-yillar davomida O‘zbekiston Milliy universiteti o‘zbek filologiyasi fakultetida ishlagan. U ish faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlab, 1976-yildan 2000-yilgacha O‘zbek adabiyoti kafedrasi mudiri lavozimida samarali ish olib borgan. 2011-yilgacha mazkur fakultetning professori sifatida talabalarga saboq berish bilan birga ko‘plab ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qildi.

 

Olim zamonaviy o‘zbek adabiyoti, xususan, o‘zbek romanchiligi masalalari bo‘yicha yetuk mutaxassis sifatida tanilgan edi. Filologiya fanlari doktori, professor Umarali Normatovni nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari filologik yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy markazlari ham jonkuyar murabbiy, taniqli adabiyotshunos olim sifatida e’tirof etar edi.

 

Umarali Normatov o‘tgan yillar davomida milliy adabiyotimizni yanada  rivojlantirish, mamlakatimizda zamonaviy adabiyotshunoslik maktabini shakllantirish ishlariga munosib hissa qo‘shdi. Uning shu kungacha 500dan ortiq maqolasi, 50ga yaqin adabiy-tanqidiy asari, darslik, o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. Adabiyotshunos olimning adabiy-tanqidiy ishlari yaxlit holda zamonaviy adabiy jarayon hamda yangi o‘zbek adabiyoti tarixi, taraqqiyoti masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, uning qalamiga mansub milliy adabiyotimizning nodir asarlari tahlili, yangi o‘zbek adabiyotning o‘ziga xos xususiyatlari, taraqqiyot tamoyillariga oid ilmiy-nazariy ishlar adabiy jamoatchilik tomonidan e’tirof etilgan.

 

Umarali Normatov 1981-yilda “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan, 1989-yilda “O‘zbekiston Respublikasi Davlat mukofoti laureati” bo‘lgan, 2011-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

 

Oyina.uz jamoasi marhumning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildiradi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//