Buxoroda madrasa hududi qoʻyxonaga aylantirilgani aytildi

Saqlash
23:54 / 27.01.2022 912 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro shahridagi “Chor Minor” madrasasi hududi qoʻyxonaga aylantirilgani aytilgan videoxabar tarqaldi. Viloyat madaniy meros boshqarmasi matbuot xizmati ushbu xabarlar yolgʻon ekanini maʼlum qildi.

 

Holat oʻrganilganida “Chor Minor” madrasasi va uning atrof hududi ayni paytda toza saqlanayotgani, hech qanday qoʻyxona va qoʻylar mavjud emasligi hamda bloger tomonidan bu joyning bugungi holatiga mutlaqo teskari boʻlgan notoʻgʻri maʼlumotlar tarqatilganligi maʼlum boʻlgan.

 

“Chor Minor” madrasasi joylashgan “Alisher Navoiy” MFY raisi Shahnoza Kamolovaning aytishicha, u 2,5 yildan buyon shu mahallada ishlab kelmoqda va shu davrda bu joyda qoʻyxona boʻlmagan. Shu bilan birga bu hududning tozaligi va tartibli saqlanishi boʻyicha mahallada yashovchi fuqaro Mansur Safarov masʼul etib biriktirilgan. Mahalla raisining soʻzlarini mahalliy aholi ham tasdiqlagan.

 

 

 

“Bundan tashqari, bloger Timur Sattarov tasvirga olgan videosida oʻzi ham koʻrinish bermagan va tarqatgan xabarlari natijasida «Chor Minor” madrasasining nufuziga salbiy taʼsir etish bilan birga, shu joyda yashovchi aholining qadr-qimmatini oyoq osti qiluvchi shaxs sifatida xalqimizning haqli eʼtirozini keltirib chiqarmoqda.

 

Maʼlumki, qonun hujjatlarida har qanday asoslanmagan tuhmat va boʻhton, maʼlumot hamda xabarlarni tarqatishga sababchi boʻlgan shaxslarga nisbatan tegishli taʼsir choralari koʻrilishi belgilangan», deyiladi munosabatda.

 

Shuningdek, videodagi holat ancha yillar oldin sodir boʻlgani, hozirda hududda hech qanday qoʻyxona yoki qoʻylar mavjud emasligi aniqlangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//