Oʻzbekistonda elektromobillarni quyosh stansiyasi yordamida yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilma yaratildi

Saqlash
18:20 / 27.01.2022 908 0

Oʻzbekistonda elektromobillarni zaryadlovchi maxsus qurilma yaratildi. U iqlimiy sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega boʻlgan quyosh fotoelektrik tizimlari orqali mahalliy elektr tarmogʻi bilan parallel holda ishlaydi.

 

Qurilma Energetika vazirligi huzuridagi Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutining yetakchi olimi, texnika fanlari doktori Nuraddin Matchanov boshchiligidagi bir guruh olimlar tomonidan ishlab chiqildi. Loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan.

 

Ushbu qurilma elektromobillarni tez, shuningdek xavfsiz zaryadlash uchun moʻljallangan. Oʻrta quvvatli va taqsimlangan generatsiya obyektlarini oʻrnatish bilan shugʻullanadigan xususiy tadbirkorlar elektr avtomobillarini zaryadlash xizmatini koʻrsatish shahobchalarini tashkil etishda qoʻllashlari mumkin.

 

 

Loyihani bajarish jarayonida quyosh fotoelektr stansiyalarini oʻrnatish hamda markaziy elektr tarmoqlariga xavfsiz ulash uchun har bir stansiyaning quvvati va har bir hudud uchun texnik talablar ishlab chiqiladi. Quyosh fotoelektrik stansiyasini markaziy elektr tarmogʻiga ulash uchun texnik shartlar bajarilgandan keyin ishonchli ishlash mezonlari yaratiladi.

 

Ushbu ishlar toʻliqligicha amalga oshirilganidan soʻng, sohada respublikamizda malakali, yetuk mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi kutilmoqda. Maʼlumot uchun, qurilmaning AC kirish kuchlanishi: 380v ± 15%, tarmoq chastotasi: 50 Gs ± 5%, chiqish kuchlanishi esa: DC 200 ~ 1000V, chiqish toki: 0 ~ 250A.

 

Zaryadlash tizimi oʻrnatilgan tartibda sertifikatlash uchun maʼlum bir vaqt talab etiladi, soʻngra uni seriyali ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish – zavod tashkil qilish uchun mablagʻ talab etiladi. Kelajakda mazkur loyihaga investorlarni jalb qilib, ishlab chiqarishni tashkil etish va respublika boʻylab oʻrnatishni boshlash rejalashtirilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//