Tadbirkorlarga soliqlar borasida ayrim yengilliklar eʼlon qilindi

Saqlash
21:37 / 27.01.2022 828 0

Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qoʻshma axborotida maʼlum qilinishicha, 2022-yil 1-apreldan “E-aktiv” dasturidan majburiy foydalanish toʻgʻrisidagi talab faqat 4 toifadagi tovarga tatbiq qilinadi (sement, shisha, yogʻoch va paxta).

 

Dasturni tajribadagi 4 turdagi tovar boʻyicha qoʻllash natijalaridan kelib chiqib, tovarlar roʻyxati Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan bosqichma-bosqich kengaytiriladi. Bunda dasturni barcha toifadagi tovarlarga joriy etishni 2023-yil IV chorakda yakunlash rejalashtirilmoqda.

 

“E-aktiv” dasturiy mahsulotidan foydalanmaganlik (tajriba tovarlari toifasiga kiritilgan tovarlar bundan mustasno) hamda haqiqatda yetkazib berilgan tovarga (xizmatga) mos kelmaydigan mahsulot va xizmat identifikatsiya kodlarini koʻrsatgani uchun soliq toʻlovchilarga nisbatan javobgarlik choralari 2022-yil 1-sentyabrga qadar qoʻllanilmaydi.

 

Soliq toʻlovchilarning quyidagi soliq xavfi mezonlari (holatlari) qoʻllanilishi 2023-yil 1-yanvarga qadar toʻxtatib turiladi:

 

rahbar shaxsining yoki moliyaviy boshqaruv vazifalarini amalga oshirayotgan shaxsning YAMMTda tasdiqlanmaganligi;

 

oʻz koʻchmas mulki, ijaraga olingan yoki tekin foydalanilayotgan koʻchmas mulki yoʻqligi;

 

soliq toʻlovchining manzili nominal joylashgan joy manzili bilan toʻgʻri kelishi (18 kvadrat metrdan kam);

 

oxirgi 12 oy ichida soliq hisobotlarini oʻz vaqtida taqdim etmaslik holatlari mavjudligi;

 

yollanma ishchilari yoʻqligi yoki 4 nafardan kamligi.

 

Ushbu mezonlar yirik soliq toʻlovchilarga va QQS toʻlovchisi sifatida yangi roʻyxatdan oʻtayotgan soliq toʻlovchilarga nisbatan toʻxtatilmaydi.

 

Soliq kodeksiga muvofiq 2022-yil 1-yanvardan boshlab mol-mulk soligʻi hisoblanishi 1 kvadrat metr uchun mutlaq qiymatda belgilangan eng kam qiymatni (soliq solinadigan baza sifatida) hisobga olgan holda amalga oshiriladi.

 

Hududiy moliya va soliq organlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va viloyatlar xalq deputatlari Kengashlariga kamaytiruvchi koeffitsiyentlarni yanada kengroq qoʻllash yuzasidan takliflar kiritish boʻyicha tavsiyalar berildi.

 

Suv haydash minoralari, rezervuarlar, soyabonlar, beton maydonchalar va devorlar (bordyurlar) hamda boshqa shunga oʻxshash obyektlar boʻyicha soliq bazasini 2021-yildagi tartibga oʻxshash aniqlash tartibi saqlab qolinadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//