Organ xodimlari formasini kiyib, video olayotgan ijodkorlar ogohlantirildi

Saqlash
14:41 / 25.01.2022 852 0

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh Gʻiyosov organ xodimlari formasini kiyib, video olayotgan ijodkorlarga murojaat qildi. Taʼkidlanishicha, ayrim ijtimoiy tarmoqlarda, filmlarda va seriallarda qahramonlar foydalanadigan formali kiyim-bosh notoʻgʻri yoki qoʻpol xatolar bilan kiyilgan holda jamoatchilikka namoyish qilinmoqda.

 

“Ushbu faktlar nafaqat huquqbuzarlik hisoblanadi, balki ichki ishlar organlari xodimlarini obroʻsizlantirishga qaratilgan harakat deb baholanadi. Esingizda boʻlsin, harbiy yoki maxsus formali kiyim-boshni bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxslar tomonidan kiyish – Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 2091-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun sabab boʻladi”, deyiladi murojaatda.

 

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi turli ijodkorlar va ijtimoiy tarmoq faollariga bu masalada hamkorlikka doimo tayyor ekanligini taʼkidlandi.

 

“Agar siz ichki ishlar organlari bilan bogʻliq biror ijodiy ish yoki videomahsulotni tasvirga olmoqchi boʻlsangiz, Ichki ishlar vazirligi yoki hududiy ichki ishlar organlarining axborot xizmatlariga murojaat qilishingiz mumkin. Biz, albatta, oʻz tavsiyalarimiz va maslahatlarimiz bilan sizga koʻmaklashishga tayyormiz. Oʻzboshimchalik bilan bunday masalaga yondashmasligingizni soʻraymiz”, deyiladi vazirlik murojaatida.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//