Armaniston prezidenti isteʼfoga chiqdi

Saqlash
14:25 / 24.01.2022 1105 0

Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan oʻz xohishiga koʻra isteʼfoga chiqdi. Bu haqida Armaniston prezidenti rasmiy saytida eʼlon qilingan. 

 

“4 yillik faoliyatimdan keyin Armaniston prezidenti lavozimidan ketishga qaror qildim. Bu hissiyot bilan emas, uzoq oʻylab chiqarilgan qaror”, degan prezident bayonotida.

 

Armen Sarkisyanning aytishicha, u prezident sifatida qiyin holatda mamlakat ichki va tashqi siyosatiga taʼsir qiladigan konstitutsion instrumentlarga ega boʻlmagan.

 

“Prezidentni fitna va gʻiybat qilish orqali odamlarni boshqa muhimroq voqealardan chalgʻitmaslik kerak. Biz hozir har qachongidan koʻra koʻproq mulohazali harakatlarga muhtojmiz. Aks holda butun dunyodagi armanlar koʻzlagan missiyamizni bajara olmaymiz”, degan Armanistonning endilikda sobiq prezidenti.

 

Armen Sarkisyan Armaniston parlamenti tomonidan 2018-yil bahorida prezident etib saylangan. Koʻp oʻtmay mamlakatda inqilob sodir boʻlib, Nikol Pashinyan bosh vazir sifatida davlat rahbarligiga kelgandi. Keyinchalik ikki siyosatchi oʻrtasida kelishmovchiliklar yuzaga keldi.

 

Armanistonda davlatchilikning parlamentar koʻrinishi amalda boʻlib, bosh vazir davlat rahbari hisoblanadi. Prezident esa faqat vakillik koʻrinishidagi vakolatlarga ega. Mamlakat konstitutsiyasiga koʻra prezident 7 yilga saylanadi. Sarkisyanning isteʼfosi sabab navbatdan tashqari saylov fevral oyida oʻtkazilishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//