«Omikron»ning qayta yuqish xavfi “delta”ga nisbatan 16 barobar yuqori – tadqiqot

Saqlash
21:17 / 20.01.2022 1044 0

Koronavirusning yangi mutatsiyasi dunyo miqyosida dominant variantga aylanib boʻldi. JSST hisobotiga koʻra, soʻnggi oyda jahonda COVID-19 infeksiyasiga chalinganlarning 72 foizi «omikron», 28 foizi esa “delta” shtammi bilan kasallangan.

 

JSST rahbari bu xastalik nisbatan yengil kechayotgan boʻlsada, biroq ommaviy emlash koʻrsatkichlari past boʻlgan hududlarda ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Chunki oʻrganishlar natijasi shuni tasdiqladiki, emlanmaganlar orasida COVID-19 bilan qayta kasallanish koʻrsatkichlari toʻliq va buster-dozada vaksina olganlarga nisbatan 2 barobar koʻp.

 

Buyuk Britaniya olimlari esa maxsus tadqiqot davomida «omikron»ning qayta yuqish xavfi “delta” qaraganda 16 baravar yuqoriligini aniqlashdi.

 

Shu bilan birga, JSST jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, mamlakatlarni xalqaro sayohatlarga qoʻyilgan cheklovlarni bekor qilish yoki yumshatishga chaqirdi. Negaki, transport aloqalarini taqiqlash orqali «omikron» shtammining transchegaraviy tarqalishiga toʻsiq qoʻyish samarasiz urinishdir.

 

Masalan, soʻnggi kunlarda Yevropada kasallanish koʻrsatkichlari antirekord darajaga yetmoqda. Birgina Fransiyada seshanba kuni yarim millionga yaqin kishida koronavirus infeksiyasi aniqlanishi mamlakat uchun pandemiya choʻqqisi boʻldi.

 

Germaniyada ham pandemiya boshlanganidan beri eng yuqori koʻrsatkich qayd etildi. Kuni kecha bu yerda 118 ming bemorda kasallik roʻyxatga olingan.

 

Irlandiyada esa buning aksi, keyingi kunlarda yangi holatlarning kamayishi kuzatilyapti. Shu sababli mamlakat Sogʻliqni saqlash vaziri oy boshida joriy etilgan karantin cheklovlari yanvar oxirigacha bekor qilinishi mumkinligini aytdi.

 

Buyuk Britaniyada ham kunlik kasallanishlar soni pasaymoqda. Shundan kelib chiqib hukumat dekabr oyidan amalda boʻlgan “B rejasi” kelgusi haftadan oʻz kuchini yoʻqotishini eʼlon qildi. Bu transport va oʻrta maktablarda majburiy niqob taqish talabining bekor qilinishi, masofaviy rejimda ishlayotgan xodimlarning ofislarga qaytishi, shuningdek, COVID pasportlarining bekor qilinishini anglatadi.

 

AQSH esa yangi shtamm tarqalishi munosabati bilan «lokdaun»ga qaytish niyatida emas.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//