“Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi amalga oshiriladi

Saqlash
17:04 / 20.04.2026 34 0

Prezident “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

 

Strategiyada yoshlar bandligini ta’minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy ta’limni kengaytirish, mehnat bozorini rag‘batlantirish hamda yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, madaniy, jismoniy va ma’rifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.

 

Taqdimotda 2030-yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan quyidagi asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ko‘rib chiqildi:
▪️ har yili 600 ming nafar yoshning bandligini ta’minlash;


▪️ 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish;


▪️ o‘quv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish;


▪️ 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar bo‘yicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish;


▪️ yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish;


▪️ har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qo‘llab-quvvatlash.

 

Bundan tashqari, loyihada ta’lim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat ta’lim xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash, chekka hududlarda o‘quv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni o‘rganishni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi imtiyozlar ham nazarda tutilgan.

 

Jumladan, olis va chekka hududlarda o‘quv markazlarini tashkil etishga 300 million so‘mgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va o‘qituvchilarining daromad solig‘ini 1 foiz etib belgilash taklif etildi. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari to‘lovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda.

 

Strategiyada yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Ipoteka dasturi orqali kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab berilishi, shu tariqa uy-joy masalasida yosh oilalarga qo‘shimcha yengillik yaratilishi belgilanmoqda.

 

Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamg‘armasidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilg‘or ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar ko‘chalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan. Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish bo‘yicha namuna yaratiladi.

 

Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik ko‘mak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada o‘z aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tun-u kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda.

 

Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obyektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar o‘tkazib boriladi.

 

Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

 

Shu maqsadda:
▪️ xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yo‘lga qo‘yilishi;


▪️ 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar o‘tkazilishi;


▪️ 100 ming nafar o‘zbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini ta’minlash rejalashtirilgan.

 

Shu bilan birga, BMT, Jahon banki, YTTB kabi tuzilmalar bilan “Junior Professional Officer” dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish ko‘zda tutilgan.

 

Strategiyani 2026-2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Bunda:
▪️ “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni oʻqitish;


▪️ 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. 

 

Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi.

 

Respublika boʻyicha “Oʻzbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar oʻtkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi.

 

 

Davlat rahbari yoshlar masalasiga doir barcha tashabbus va choralar, eng avvalo, yosh avlodning bilimli, sogʻlom, tashabbuskor va vatanparvar boʻlib kamol topishiga, ularning hayotda munosib oʻrin egallashiga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi. 

 

Strategiyani samarali amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//