“Golden House” ustidan 74 ta shikoyat kelib tushdi

Saqlash
11:15 / 20.04.2026 45 0

Raqobat qo‘mitasi 2025-2026-yillarda “GOLDEN HOUSE PROPERTY GROUP” MChJ faoliyati yuzasidan jami 74 ta shikoyat kelib tushganini ma’lum qildi.

 

Xabarga ko‘ra, qo‘mita aralashuvidan so‘ng ushbu shikoyatlardan 54 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi yoki nizolarni sudgacha mediatsiya yo‘li bilan hal etilishi natijasida ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga 1 mlrd 128 mln 669 ming so‘m miqdorda pul mablag‘lari qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlangan.

 

Jumladan, 2025-yil davomida MChJ faoliyatidan norozi bo‘lib jami 40 nafar fuqaro murojaat qoldirgan. Ushbu murojaatlarning 35 tasi (87 foizi) ijobiy hal etilgan, shundan, 31 tasi quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida o‘zaro kelishuv bitimi imzolanishi orqali hal etilgan bo‘lsa, 4 nafar fuqarolarning foydasiga jami 1 mlrd 128 mln 669 ming 635 so‘m miqdorda pul mablag‘i qayta hisob kitob  qilib berilgan.

 

Shunga qaramay, 2026-yilning 1-choragi davomida mazkur quruvchi korxona faoliyatidan norozi bo‘lib 34 nafar fuqarodan murojaatlar kelib tushgan. 

 

Bulardan 19 tasi (56 foizi) qanoatlantirilgan bo‘lsa, 5 ta holatda belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan. 10 ta murojaat yuzasidan esa vakolatli tashkilotni xabardor etgan holda tekshiruv tayinlangan.

 

“Ijtimoiy tarmoqlar orqali ham aynan yuqoridagi qurilish korxonasi va umuman bu sohada murojaatlar ortayotgani bir necha bor muhokamalar qilinmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi barcha quruvchi korxonalarni iste’molchilar bilan shartnoma tuzishda qurilishni bitkazish imkoniyatlaridan kelib chiqib, oqilona va aniq muddatlarini belgilashga, iste’molchilarga qonunchilikda berilgan imtiyoz va huquqlarni cheklamaslik choralarini ko‘rishlarini so‘ramoqda.

 

Qo‘shimcha qilinishicha, Raqobat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga ko‘ra Davlat iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda tadbirkorlik erkinligini kafolatlaydi deb belgilanganini eslatib o‘tib o‘tgan.

 

Ma’lumot uchun, qurilish sohasi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasiga 2023-yil 19 mingta, 2024-yilda 28 mingdan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yilga kelib qariyb 54 mingga yetgani kuzatilmoqda.

 

“Bu tadbirkorlik subyektlari tomonidan amaldagi qonunchilik talablariga yetarlicha amal qilinmasdan tovar va ish xizmatlari ko‘rsatilayotganligi va sohada mavjud muammolar borligidan dalolat bermoqda”, deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//