“Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” milliy tanlovi o‘tkaziladi

Saqlash
09:05 / 10.04.2026 52 0

Hukumatning 2026-yil 8-apreldagi qarori bilan “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasbiy mahorat milliy tanlovini tashkil etish va o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Qayd etilishicha, bu orqali yoshlar o‘rtasida kasbiy ko‘nikmalar rivojlantiriladi va iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlanadi.

 

Nizomga ko‘ra, 16 yoshga to‘lgan va 30 yoshdan oshmagan texnikum o‘quvchilari, talabalar, yoshlar hamda band bo‘lmagan aholi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun mazkur tanlov o‘tkaziladi. Ishtirokchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish har yili 1-martga qadar elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

 

Tanlov uch bosqichda tashkil etiladi:

 

– 1-bosqichda mahallalardan har bir kasb yo‘nalishi bo‘yicha 3 nafardan nomzod saralanadi;

– 2-bosqichda texnikum o‘quvchilari hamda birinchi bosqich g‘oliblari ishtirok etadi;

– 3-bosqichda ikkinchi bosqichda yuqori natija ko‘rsatgan ishtirokchilar bellashadi.

 

Tanlov tegishli kasb yo‘nalishlari bo‘yicha zarur moddiy-texnik bazaga ega texnikumlar, korxonalar, tashkilotlar hamda IT-parklar va maxsus poligonlarda o‘tkaziladi.

 

Tanlovning yakuniy — uchinchi bosqich g‘oliblari bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

 

– 1-o‘rin sohibiga — bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravari

– 2-o‘rin sohibiga — 15 baravari

– 3-o‘rin sohibiga — 10 baravari

 

Shuningdek, g‘oliblarning amaliyot ustozlari ham alohida rag‘batlantiriladi. 3-bosqich g‘oliblariga WorldSkills International tomonidan o‘tkaziladigan “WorldSkills” xalqaro chempionatida ishtirok etish huquqi beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//