Toshkentda 3 oy ichida avtobusda yo‘l haqini to‘lamagan 30 mingdan ortiq kishi jarimaga tortildi

Saqlash
14:23 / 09.04.2026 28 0

Yanvar-mart oylarida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlarga nisbatan 32 mingdan ortiq bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda Transport nazorati inspeksiyasi xabar berdi.

 

Ma’lum qilinishicha, inspeksiya xodimlari “Toshkent shahar yo‘lovchi tashishni monitoring va nazorat qilish” davlat muassasasi bilan hamkorlikda avtobuslarda reyd tadbirlarini o‘tkazmoqda. 2026-yilning dastlabki uch oyida 32 450 ta qoidabuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

 

Qayd etilishicha, to‘lov tizimi va inspektorlar faoliyati raqamlashtirilgan.

 

Xususan, ayrim avtobus yo‘nalishlarida kuchaytirilgan nazorat joriy qilingan. 2026-yil boshidan buyon 28 ta yo‘nalishda shunday tekshiruvlar o‘tkazilgani, natijada tranzaksiyalar soni oshgani aytilmoqda.

 

Inspeksiya yo‘lovchilarni jamoat transportidan foydalanishda belgilangan qoidalarga rioya qilish va yo‘l haqini o‘z vaqtida to‘lashga chaqirdi.

 

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida 11 502, fevralda esa 10 280 yo‘lovchi avtobusda chiptasiz yurgani uchun jarimaga tortilgan edi.

 

Ma’lumot uchun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi (Chiptasiz yurish)ga ko‘ra, jamoat transportida yo‘lkira to‘lamagan yo‘lovchiga BHMning 1/10 qismi (41 200 so‘m) miqdorida jarima belgilanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//