Sport
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bugun, 26-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Osiyo Olimpiya kengashining 46-Bosh assambleyasida ishtirok etdi.
Tadbirda yetakchi xalqaro va mintaqaviy sport tashkilotlari rahbarlari va vakillari, jumladan, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasining birinchi vitse-prezidenti, Qatar Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy, Butunjahon antidoping agentligi prezidenti Vitold Banka, Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad Jalud, “World Boxing” tashkiloti prezidenti Gennadiy Golovkin, Xalqaro chim ustida xokkey federatsiyasi prezidenti Muhammad Tayyab Ikrom, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid, Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov, Milliy olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi bosh kotibi Gunilla Lindberg va Afrika Olimpiya qo‘mitalari assotsiatsiyasi prezidenti Mustafo Berraf ham qatnashdi.
Shu bilan birga, assambleya ishida Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentining maxsus vakili Paolo Zampolli, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri Mixail Degtyaryov, Saudiya Arabistoni Podshohligi sport vaziri Abdulaziz bin Turkiy Ol Saud, Qatar yoshlar va sport vaziri Shayx Hamad bin Xalifa Ol Soniy hamda boshqalar mehmon bo‘ldi.
Xabarga ko‘ra, davlatimiz rahbari o‘z nutqida tobora kuchayib borayotgan global ziddiyatlarga qaramay, sport davlatlar va xalqlar o‘rtasidagi muloqot, o‘zaro anglashuv hamda hamkorlikni mustahkamlashning universal vositasi sifatida o‘rin tutishini alohida ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniyni Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti etib saylangani bilan qutlab, uning yuksak darajadagi kasbiy mahorati, salmoqli xalqaro tajribasi va nafaqat Osiyo qit’asi, balki butun dunyoda sport rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini urg‘uladi.
Assambleya ishida O‘zbekistonning Osiyo Olimpiya kengashi bilan ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Kengash Ijroiya qo‘mitasining 77-sessiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani, respublikamiz vakili Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezident etib saylangani va 2029-yilgi Yoshlar Osiyo o‘yinlariga mezbonlik qilish uchun O‘zbekiston tanlangani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida ham so‘z yuritdi.
Jumladan, uch bosqichli “Prezident Olimpiadasi” kompleks sport musobaqalari tizimi yo‘lga qo‘yildi, zamonaviy sport infratuzilmasi, xususan, Olimpiya shaharchasi barpo etildi, yuqori malakali sportchilarni saralash va tayyorlash tizimi kengaytirilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda ommaviy sport rivojlanib, bugungi kunda 15 milliondan ortiq aholi muntazam ravishda jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanmoqda.
Ta’kidlanishicha, xalqaro va Osiyo sport tashkilotlari O‘zbekiston milliy sport federatsiyalari bilan 20 dan ortiq bitim imzolagan.
Misol uchun, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Akbar Jo‘rayev nomidagi og‘ir atletika sport klubini zamonaviy ilmiy yondashuv asosida rivojlantirishga ko‘maklashadi. Birlashgan kurash dunyosi tashkiloti esa Mintaqaviy sport kurashlari akademiyasini tashkil etadi. Osiyo voleybol konfederatsiyasi ham har bir viloyatda 1 tadan voleybol bo‘yicha sport klubini bunyod etsa, Chim ustida xokkey xalqaro federatsiyasining texnik ko‘magida 2 ta stadion quriladi.
Mamlakat yetakchisi O‘zbekistonning halol sport tamoyiliga amal qilish va dopingga qarshi kurashning qat’iy tarafdori bo‘lib qolishini qayd etdi.
Toshkentda Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping tashkilotlarining yig‘ilishi va xalqaro forum o‘tkazilayotgani bu borada muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Prezident Yangi O‘zbekiston barcha davlatlar bilan sport sohasida ko‘p qirrali va uzoq muddatli hamkorlik uchun ochiqligini tasdiqlab, sport diplomatiyasini rivojlantirish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga tayyorligini bildirdi.

Tadbir yakunida Shayx Jav’an bin Hamad Ol Soniy olimpiya harakatini rivojlantirish, muhim sport tashabbuslarini ilgari surishga qo‘shayotgan alohida hissasi uchun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasining “Shon-sharaf” ordeni bilan taqdirlandi.
.jpg)
Jamiyat
Sport
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
110839
Jamiyat
94466
Jamiyat
90388
Jamiyat
74314
Jamiyat
//
Izoh yo‘q