“Oʻzgidromet” hafta davomida ob-havo qanday boʻlishini maʼlum qildi

Saqlash
20:01 / 17.01.2022 844 0

Respublika Gidrometeorologiya markazi hafta davomida kuzatiladigan ob-havo maʼlumotini eʼlon qildi.

 

Unga koʻra, 17–18-yanvar kunlari Oʻzbekiston hududi boʻyicha beqaror ob-havo saqlanib turadi, bunday holat Eron hududlaridan issiq va juda nam havo massalari kirib kelishi bilan bogʻliq. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda yomgʻir yogʻadi, baʼzi joylarda kuchli boʻlishi mumkin. Shimolda yogʻingarchilik (yomgʻir qorga aylanadi) boʻladi. Havo harorati kechasi 3-8 daraja iliq, kunduzi 5-10 daraja iliq, baʼzi joylarda havo ochiq boʻlganda 12 daraja iliqqacha, shimolda kechasi 3-8 daraja sovuq, kunduzi 3 daraja sovuq 2 daraja iliq atrofida boʻladi.

 

19-yanvar, chorshanba kuni ertalab respublika boʻyicha yomgʻir jadalligi pasaya boshlaydi, lekin kunduz kuni sovuq front oʻtishida ayrim hududlarda yomgʻir qorga aylanishi mumkin. Qoraqalpogʻistonda, Xorazm viloyatida kechasi va ertalab baʼzi joylarda biroz qor yogʻishi kuzatiladi. Respublika boʻyicha havo harorati kechasi 3 daraja sovuq 2 daraja iliqqacha, kunduzi 5-8 daraja iliqqacha pasayadi.

 

21-yanvar, payshanba kuni Oʻzbekistonda havo harorati kechasi 3 daraja sovuq 2 daraja iliq, kunduzi 7-10 daraja iliq boʻlgan quruq va biroz bulutli ob-havo kutilmoqda.

 

22-yanvar, juma kuni Oʻzbekiston hududiga Kaspiy dengizidan biroz nam va nisbatan sovuq havo massasi kirib keladi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, shimolda biroz yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Fargʻona vodiysi viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi. Havo harorati 0-5 daraja iliq, baʼzi joylarda 2 daraja sovuqqacha, kunduzi 5-10 daraja iliq boʻladi.

 

Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushishi mumkin.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//