“Omikron”: Osiyo mamlakatlari kasallikning yangi "nishon"iga aylanmoqda

Saqlash
17:18 / 17.01.2022 973 0

Koronavirusning “omikron” shtammi dunyo aholisini yana ihotalanishga majbur qildi. Ayniqsa, pandemiyaning yangi to‘lqini avj olayotgan mamlakatlar qo‘shimcha karantin cheklovlari orqali kasallikning keng tarqalishiga to‘siq qo‘ymoqchi.

 

Masalan, Germaniyada jamoat joylarida tibbiy niqobsiz yurish taqiqlandi. Vaksina olmagan va “manfiy” test natijasi bo‘lmaganlar restoranu barlar, teatru tomoshagohlar hamda fitnes klublariga kirishdan mahrum.

 

Fransiyada buster-doza bilan emlanish uchun aholiga 7 oy muddat berildi. Chunki hozir bu yerda kunlik kasallanish holatlari cho‘qqiga chiqqan.  Masalan, 15 yanvarda mamlakatda 324 ming kishida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan.

 

Daniyada ham mutaxassislar emlanishga katta umid bog‘lashyapti.  Shu sababli u Yevropada to‘rt dozali vaksinani qo‘llagan birinchi davlat bo‘ldi.

 

Gresiyada esa 60 yoshdan oshgan emlanmagan fuqarolar jarimaga tortila boshladi. To‘lov miqdori 50 yevroga teng va kelgusi oydan u ikki barobar oshiriladi.

 

Hindiston pandemiya davrida koronavirusni yuqtirish ko‘rsatkichlari bo‘yicha jahonda ikkinchi o‘rinda. Bu yerda jami kasallanganlar soni 37 million nafardan oshgan. Ulardan 486 ming nafari COVID-19 asoratlari tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

 

Hozir ham mamlakatda epidemiologik vaziyat murakkab. Mahalliy shifokorlar aholidan hech bo‘lmaganda bu yil Gang daryosida ommaviy cho‘milish marosimida ishtirok etmaslikni so‘ragan. Biroq bu ogohlantirishlarga qaramay, kecha 350 ming kishi yoppasiga suvga tushdi.

 

Rossiya esa epidemiologik vaziyat oldingi pandemiya to‘lqinidan ham xavotirli tus olishidan tashvishda. Misol uchun, kecha mamlakatda qariyb 29 ming kishida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Mutaxassislar 1 fevralga qadar kasallanish ko‘rsatkichlari 65 mingga yetishi mumkin, deb prognoz qilishmoqda.

 

Xitoyda kelgusi oyda 4 yillikning muhim tadbiri – qishki Olimpiada o‘yinlari o‘tkazilishi kerak. Lekin karantin choralari qanchalik kuchaytirilmasin, mamlakatda musobaqaga 18 kun qolganida ilk “omikron” holati ro‘yxatga olindi.

 

Yaponiyada esa koronavirusning ushbu mutasiyasini yuqtirgan bemorlar orasida birinchi o‘lim holati qayd etildi.

 

Amerikalik olimlar ana shunday murakkab vaziyatda, ya’ni “omikron” shtammining tez sur’atlarda tarqalishi oqibatida koronavirusning yangi mutasiyalari paydo bo‘lishi mumkin, degan xulosani aytishdi.  Shu sababli ular emlanish, ayniqsa qo‘shimcha dozada vaksina olish  eng samarali va to‘g‘ri chora ekanligini ta’kidlashmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//