O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston suv-energetika sohasida hamkorlik qiladi

Saqlash
09:57 / 24.11.2025 25 0

22-noyabr kuni Olmaota shahrida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

 

Muzokaralarda tomonlar suv-energetika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish parametrlari to‘g‘risida kelishib olgan.

 

Jumladan, To‘xtag‘ul suv omboridagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish va kelgusi vegetatsiya mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilishgan.

 

Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini tasdiqlagan. Bu Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtag‘ul suv omborida suv to‘plash imkonini beradi. Jamg‘arilgan hajm vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.

 

Bundan tashqari, mintaqada iste’molni kamaytirish va energiyani tejash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

 

Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni tranzit, yetkazib berish va energiya tizimini muvozanatlash uchun texnik shartlarni ta’minlashga tayyorligini tasdiqlagan.

 

Yig‘ilish yakunida 2026-yil vegetatsiya davri uchun qishki elektr energiyasi yetkazib berish va suv to‘plash hajmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi uch tomonlama bayonnoma imzolangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//