O‘zbekiston vakillari Misrda o‘tkazilgan Umumjahon yoshlar forumida qatnashdi

Saqlash
19:32 / 13.01.2022 924 0

Joriy yilning 10-13-yanvar kunlari O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi xodimlari Sharm ash-Shayx shahrida o‘tkazilgan 4-Umumjahon yoshlar forumida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» nashri.

 

Mamlakat Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi tashabbusi bilan «Yana birgalikda» shiori ostida tashkil etilgan ushbu forum dunyoning 196 mamlakati vakillarini o‘z atrofiga birlashtirdi.

 

Forum doirasida «Kelajak texnologiyalari va pandemiyadan keyingi raqamli transformasiya», «Startaplar va tadbirkorlikning yangi global o‘rni», «Pandemiyadan keyingi ta’lim: tiklanish yo‘llari», «Atrof muhit va iqlim o‘zgarishida yoshlarning roli», «Rivojlanayotgan bozorlarda pandemiya va moliyaviy texnologiyalar» singari sessiyalar tashkil etildi. Ularda pandemiyadan keyingi davrda dunyo mamlakatlari iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘nalishlari, iqlim o‘zgarishi muammolari, kambag‘allikka qarshi kurashish, global tinchlikka erishish, mavjud resurslarning teng taqsimlanishini ta’minlash choralari singari mavzular atroflicha muhokama qilindi.

 

Jahonning yetakchi olim va yosh mutaxassislari, xususan, siyosiy va iqtisodchi arboblar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Forum  qatnashchilari dunyoning global rivojlanishi davrida yoshlarning yetakchi harakatlantiruvchi kuchga aylanishi uchun ularning tashabbuslari, startap g‘oyalari va takliflarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdi.

 

Tadbir doirasida jahon yoshlari o‘zlarining turli sohalarda erishgan muvaffiqiyatlari, tashabbus va takliflari bo‘yicha o‘zaro fikr almashdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//