Toshkent tajribasi loyihasida ishlovchi pedagoglar shahar hokimligi tomonidan ragʻbatlantiriladi

Saqlash
17:09 / 31.07.2025 223 0

31-iyul kuni Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan “Prezident sovgʻalari”ni hududlarga yetkazish jarayonlariga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.

 

Ushbu tadbir Toshkent shahri, Uchtepa tumanidagi 14-umumtaʼlim maktabida boʻlib oʻtdi. Maʼlum qilinishicha, 2025-2026-oʻquv yilida Oʻzbekistonda mavjud 10 170 tadan ortiq umumtaʼlim maktablarida 6,7 mln nafar oʻquvchi taʼlim olishni boshlashi kutilmoqda. Shuningdek, yangi oʻquv yilida respublikada 30 dan ortiq yangi maktablar oʻz faoliyatini boshlaydi. Yangi oʻquv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga kelishi kutilmoqda hamda bugungi kunga qadar 590 ming nafar bola maktabga qabul qilingan. Qabul jarayonlari 15-avgustga qadar davom etadi. 1-sinfga qabul qilinayotgan bolajonlar uchun 12 turdagi oʻquv qurollari Prezident sovgʻasi sifatida tayyorlandi.

 

 

Ayni vaqtda ushbu oʻquv qurollarini vazirlik huzuridagi “Taʼlim-taʼminot va logistika” xizmati tomonidan joylardagi maktablarga yetkazish jarayoni
boshlangan. Xususan, ushbu yuklar 1-10-avgust kunlari hududlarga, 10-20-avgust kunlari esa maktablarga yetkaziladi. 1-sinfga qabul qilinayotgan har bir bolani “Prezident sovgʻasi” bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida bolalarning roʻyxati nommanom shakllantirilgan (bunda nodavlat maktablar va boshqa vazirlik tasarrufidagi maktab oʻquvchilari ham inobatga olingan).

 

Press-tur tadbirlari doirasida 2025-2026-oʻquv yilidan poytaxtdagi 12 ta (har bir tumanda 1 tadan) maktabda joriy etilayotgan Toshkent tajribasi
loyihasi xususida ham batafsil maʼlumot berildi. Loyiha doirasida 5-11-sinf oʻquvchilari uchun fan toʻgaraklari va sport seksiyalari, 1-11-sinf oʻquvchilari uchun robototexnika, kompyuter savodxonligi, hunarmandchilik yoʻnalishlarida hamda “Yosh dasturchilar”, “Yosh kitobxon”, “Turon” maktab teatri, “Yosh musavvir” toʻgaraklari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Press-tur doirasida yangi oʻquv yilidan boshlab tashkil qilinayotgan 208 ta (barcha tuman (shahar)da bittadan) “Jasorat maktablari” faoliyati
xususida ham atroflicha maʼlumot berib oʻtildi. Aytilganidek, joriy oʻquv yilida ilk bor 5 408 nafar oʻquvchi “Jasorat maktablari”ga qabul qilinadi. Iyul oyida oʻtkazilgan ikki bosqichli (test va jismoniy tayyorgarlik) saralash imtihonlarida 18 441 nafar (13 206 nafari oʻgʻil bola, 5 235 nafari qiz) nomzod ishtirok etgan.

 

 

14-maktabda 2025-2026-oʻquv yilidan boshlab “Toshkent tajribasi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Bunda tanlab olingan 7-11-sinf oʻquvchilari dars jarayonlaridan keyin 6 ta fandan chuqurlashtirilgan holda oʻqitiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//