
Ilm-fan
Olimlar Yer tomon uchib kelayotgan 24 km uzunlikdagi sirli obyektni payqashdi, u noyabr oyida yetib kelishi kutilmoqda. Ammo ba’zi tadqiqotchilarning fikricha, bu niqoblangan o‘zga sayyoraliklar kemasi bo‘lishi mumkin.
Xabarga ko‘ra, obyekt o‘zini g‘alati tutmoqda. Jumladan, u trayektoriyasini o‘zgartirmoqda hamda fizika qonunlariga mos kelmaydigan tarzda harakatlanayotganga o‘xshaydi.
NASA bu obyektni kometa deb tasniflagan, biroq ikki nafar Garvard olimi buning begona sivilizatsiyadan yuborilgan “mehmon” bo‘lishi mumkinligiga ishonmoqda.
Begona obyekt joriy yilning 1-iyulida aniqlangan va unga 3I/ATLAS deb nom berilgan. Afsuski, mutaxassislar uning qayerdan paydo bo‘lganini aniqlay olishgani yo‘q.
Garvard universitetining taniqli astrofizigi Avi Loub yangi ilmiy maqolasida ushbu obyekt – tarixda qayd etilgan uchinchi yulduzlararo obyekt – sun’iy ravishda boshqarilayotgan begona zond bo‘lishi mumkin, deb yozadi.
Uning fikricha, bu qurilma Yerni kuzatayotgan bo‘lishi mumkin.
Mazkur obyekt sababli bir qator farazlarga tayanayotgan olimlar begona (ya’ni yer sayyorasidan tashqari) sivilizatsiya mavjud degan taxminga kelmoqda.
Albatta, bu taxminga asos bo‘luvchi dalillar ham mavjud. Masalan, begona obyektda “gravitatsiyaga bog‘liq bo‘lmagan sezilarli tezlanish” borligi kuzatilgan. U shunchaki kometa bo‘lishi mumkin emasdek, go‘yo. Chunki unda kometalarga xos gaz chiqish hodisasi kuzatilmagan. Bu esa uning tabiiy kometa emasligidan darak beradi.
Mutaxassislar yana bir qiziq fikrni bildirmoqda. Gap shundaki, 3I/ATLASning Quyoshga eng yaqin nuqtasi 29-oktyabrga to‘g‘ri keladi. Aynan shu kuni obyekt Quyosh tomonidan butunlay to‘silib, Yer sayyorasidan umuman ko‘rinmay qoladi.
Bu holat esa tasodif bo‘lmasligi ham mumkin. Begona intellekt ehtimol bu muddatdan Yerdagi kuzatuvchilarni chalg‘itish yoki yashirin harakatlar uchun foydalanishni maqsad qilgandir.
Garvard universitet mutaxassislari o‘z izlanishini qisman “pedagogik tajriba” sifatida taqdim etishgan va unda “Qorong‘i o‘rmon” gipotezasiga tayanilgan. Bu gipoteza begona aql-idrok mavjud bo‘lsa, ular insoniyatni potensial xavf sifatida ko‘rishi va yo‘q qilishga intilishi mumkinligini nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun, “Qorong‘i o‘rmon” gipotezasi ilk bor 2008-yilda yozuvchi Sitsin Lyuning “Qorong‘i o‘rmon” (The Dark Forest) romanida ilgari surilgan. U Fermi paradoksiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri e’tiroz sifatida qaraladi.
Fermi paradoksi “Agar koinotda boshqa aql-idrokli mavjudotlar bo‘lsa, nega biz ularni hali uchratmadik?” degan savolga asoslanadi.
“Qorong‘i o‘rmon” gipotezasi esa bu savolga shunday javob beradi:
Begona sivilizatsiyalar yashirinadi, chunki ular boshqalarni ochiqcha aloqa manbai emas, balki xavf va yo‘qotish manbai sifatida ko‘radi.
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q