Shavkat Mirziyoyev samolyot halokati munosabati bilan Rossiya prezidentiga taʼziya yo‘lladi

Saqlash
11:33 / 25.07.2025 164 0

O‘zbekiston prezidenti Rossiyadagi samolyot halokati munosabati bilan Vladimir Putinga ta’ziya yo‘lladi, deb xabar bermoqda O‘zA. 

 

24-iyul kuni Rossiyaning Amur viloyatida bortida 43 kishi bilan uchayotgan yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi. Fojiadan hech kim omon qolmagan. Shu munosabat bilan prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga ta’ziya yo‘llab, marhumlar oilalariga chuqur hamdardlik izhor etdi.

 

Ma’lumotlarga ko‘ra, An-24 yo‘lovchi samolyoti “Angara” aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan. U Xabarovsk—Blagoveshchensk—Tinda yo‘nalishi bo‘yicha uchgan. Manzilga yaqinlashib, qo‘nishga tayyorgarlik ko‘rgan, biroq birinchi urinishda qo‘na olmagan. Keyin ikkinchi aylanishga ketgan, shundan so‘ng samolyot bilan aloqa uzilgan.

 

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi qidiruv ishlari uchun Mi-8 vertolyoti va quruqlikdagi xizmatlar yuborgan. Qidiruv natijasida samolyot qoldiqlari Tinda shahri yaqinidan topilgan.

 

Samolyot bundan 50 yil avval ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, uning parvozga yaroqlilik sertifikati 2036-yilgacha uzaytirilgani ma’lum bo‘ldi. Halokat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//