Bolalarni it kabi “vovullatgan” defektologga yangi jinoyat ishi ochildi

Saqlash
18:41 / 15.07.2025 141 0

Ijtimoiy tarmoqlarda defektolog bolalarni it kabi “vovullatgani” aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova mazkur holat yuzasidan Dilorom Jabborovaga yangi jinoiy ish ochilganini maʼlum qildi.

 

Unga koʻra, Dilorom Jabborovaning ish uslubiga avval ham ilmiy va kasbiy baho berilgan. Uning ish uslubi mutlaqo ilmiy asoslanmagani, murakkab duduqlanish muammosiga “tor va ibtidoiy yondashgani”, duduqlanishni bartaraf etishda qoʻllayotgan ruhiy va jismoniy zoʻravonlik usullari bolalarning sogʻligʻi va tarbiyasiga “jiddiy zarar yetkazishi” hamda pedagogika qoidalariga “butunlay zidligi” aniqlangan.

 

2024-yil fevral oyida Jinoyat kodeksining 168-moddasi 1-qismi (Firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan va bolalar duduqlanishi muammosiga oid har qanday faoliyatni davom ettirmaslik yuzasidan tegishli tartibda ogohlantirilgan edi. Bolalar ombudsmani xabaridan maʼlum boʻlishicha, ushbu jinoyat ishi 2025-yil 17-aprel kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan tugatilgan.

 

Biroq maʼlum vaqt oʻtgach, Dilorom Jabborova defektologiyaga aloqador boʻlmagan amaliyotini davom ettirgan.

 

“D.J.ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan 2025-yilning 2-iyun kuni Bolalar ombudsmani Bosh prokuraturaga tegishli soʻrov yubordi”, deyiladi axborot matnida.

 

25-iyun kuni Toshkent shahri, Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan jinoyat ishini tugatish toʻgʻrisidagi qaror bekor qilinib, ish hujjatlari tergov harakatlarini olib borish uchun Yunusobod tuman IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimiga yuborilgan.

 

4-iyul kuni Tergov boʻlimi tomonidan D.J.ning bola manfaatlariga zid harakatlari yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//