Talabalar qanday qilib grantni saqlagan holda oʻqishni koʻchirishi mumkin?

Saqlash
17:59 / 15.07.2025 18 0

Bugun, 15-iyuldan xorijiy va nodavlat OTMlardan oʻqishni koʻchirish boʻyicha arizalarni qabul qilish boshlandi. Shu munosabat bilan, Hudud-24 mavzu yuzasidan muhim savollarga javob berdi.

 

Oliy taʼlim muassasalarida oʻqishni koʻchirish uchun arizalar qaysi muddatlarda qabul qilinadi?

 

Asosiy qabul: har yili 15-iyuldan 5-avgustgacha, qarorlar 5-avgustdan 30-avgustgacha qabul qilinadi. Uzrli (majburiy) sabablar mavjud holatda: har yili 20-dekabrdan 20-yanvargacha; qarorlar 25-yanvardan 15-fevralgacha qabul qilinadi.

 

Ariza ijobiy hal etilgan taqdirda, keyingi jarayon qanday tartibda amalga oshiriladi?

 

Qabul qiluvchi oliy taʼlim muassasasi rektori tegishli vazirlik (idora) yoki Davlat komissiyasining rasmiy xati asosida buyruq qabul qiladi. Qabul qiluvchi muassasa talaba avval tahsil olgan oliy taʼlim muassasasiga shaxsiy yigʻma jildni yuborish haqida soʻrovnoma taqdim etadi. Avvalgi oliy taʼlim muassasasi ushbu soʻrovnomaga asosan talabani uch kun ichida safdan chetlatganligi haqida buyruq chiqaradi va shaxsiy yigʻma jildni (yoki yopiq yoʻnalishlarda akademik maʼlumotnomani) qabul qiluvchi muassasaga yoki ariza bilan talabaga topshiradi.

 

Davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar qanday shartlarda mos yoki turdosh yoʻnalishga grantni saqlagan holda koʻchirilishi mumkin?

 

Davlat granti asosida tahsil olayotgan talaba mos (turdosh) taʼlim yoʻnalishi (mutaxassisligi)ga koʻchirilganda, grant saqlanadi. Koʻzi ojizlar va nogironligi boʻlgan shaxslarga ajratilgan maxsus kvota doirasida ham davlat grantlarini saqlagan holda koʻchirish amalga oshiriladi. Boshqa barcha holatlarda, shu jumladan xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan koʻchirish, toʻlov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

 

Xorijiy oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalariga koʻchirish tartibi qanday?

 

Umumiy holatda talabadan koʻchirilayotgan oliy taʼlim muassasasi yoʻnalishi boʻyicha maxsus sinov (test, yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon) talab etiladi. Natija Davlat komissiyasiga taqdim etiladi. Turmush oʻrtogʻi yoki ota-onasi xorijiy davlatdagi davlat xizmati joyidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan rasman mamlakatga qaytarilgan, shuningdek Hukumat qarorlari yoki topshiriqlari bilan xorijga oʻqishga yuborilgan talabalar sinovlarsiz, Davlat komissiyasi qarori bilan koʻchiriladi. Xalqaro reytingda birinchi 1000 talik roʻyxatdan joy olgan Rossiya Federatsiyasi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotganlar, sinovlarsiz (Davlat komissiyasi qarori asosida) toʻlov-kontrakt shaklida koʻchirilishi mumkin. Magistratura bosqichida tahsil olayotgan talabalar koʻchirilishiga ruxsat berilmaydi. Koʻchirilayotgan oliy taʼlim muassasasida talabaning tanlagan oʻquv tili mavjud boʻlmasa, oʻqitish tili fuqaroning arizasi asosida belgilanadi.

 

Oʻqishi koʻchirilgan talabani talabalar safiga qabul qilish qanday tartibda rasmiylashtiriladi?

 

Qabul qiluvchi oliy taʼlim muassasasi rektori buyruqni talaba ilgari taʼlim olgan muassasadan shaxsiy yigʻma jild (yoki yopiq yoʻnalish holatida akademik maʼlumotnoma) kelib tushgandan soʻng rasmiylashtiradi. Toʻlov-kontrakt asosida oʻqishi koʻchirilganlar belgilangan shartnoma toʻlovlarini toʻliq amalga oshirgandan keyin 10 kun muddatda talabalar safiga qabul qilinadi.

 

Fanlar boʻyicha farqlar aniqlanganida talaba qanday holatda qabul qilinadi?

 

Bunda talaba akademik qarzdor sifatida qabul qilinadi. Joriy semestr davomida akademik qarzdorlik bartaraf etilgach, oliy taʼlim muassasasi rektori talabaga stipendiya berish haqida buyruq qabul qiladi.

 

Yuridik shaxs bilan tuzilgan toʻlov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar oʻqishini koʻchirish uchun qanday tartib koʻzda tutilgan?

 

Yuridik shaxs bilan tuzilgan shartnoma asosida tahsil olayotgan talabalar uchun koʻchirish, avvalo, ushbu yuridik shaxsning yozma roziligi bilan amalga oshiriladi. Rozilik berilmasa, koʻchirish taqiqlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//