O‘zbekiston hukumati Gulnora Karimovaning oshxonada sud qilingani va boshqa da’volarni rad etdi

Saqlash
16:26 / 09.07.2025 103 0

Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda ko‘rib chiqilgan. Bu haqda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi tomonidan e’lon qilingan hukumat bayonotida ma’lum qilindi.

 

Bayonotda BMT Inson huquqlari kengashining O‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan Gulnora Karimovaning jinoiy javobgarlikka tortilishi yuzasidan qabul qilingan 17/2025-sonli mulohazasiga javoban bir qator ma’lumotlar keltirildi.

 

Unga ko‘ra, Gulnora Karimovaga nisbatan barcha jinoiy ishlar jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilik normalariga qat’iy rioya qilgan holda, shuningdek, mamlakatning xalqaro majburiyatlarini, jumladan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt qoidalarini inobatga olgan holda qo‘zg‘atilgan hamda ko‘rib chiqilgan.

 

Himoyaga bo‘lgan huquq va odil sudlov huquqi jinoyat protsessining barcha bosqichlarida ta’minlangan. Karimova mustaqil ravishda tanlangan yoki belgilangan tartibda tayinlangan himoyachilarga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan. Jinoyat ishiga oid materiallar bilan tanishish, qarorlar ustidan shikoyat qilish hamda himoyachi bilan muloqotning maxfiyligi tamoyiliga rioya qilingan.

 

Gulnora Karimova ishi bo‘yicha sud qarorlari vakolatli sudlar tomonidan og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, jumladan soliqlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, jinoiy daromadlarni legallashtirish, davlat mulkini g‘ayriqonuniy o‘zlashtirish, firibgarlik va davlatga juda katta miqdorda zarar yetkazgan boshqa jinoyatlar sodir etilganligini tasdiqlovchi yetarli dalillar asosida chiqarilgan.

 

“Uning 2014-yilda go‘yoki o‘zboshimchalik bilan hibsga olingani, uzoq muddat uy qamog‘ila saqlangani, ‘oshxonadagi sud’ va boshqa shu kabi da’volar asossizdir. Barcha protsessual harakatlar va sud muhokamalari protsessual qonunchilik normalari va talablariga to‘liq muvofiq holda o‘tkazilgan”, deyiladi bayonotda.

 

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtda mahkuma sud qarorlari ustidan qonunda belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.

 

O‘zbekiston hukumati mazkur ish bo‘yicha siyosiy sabablar mavjudligi to‘g‘risidagi da’volarni qat’iyan rad etdi. Bildirilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlarining barcha harakatlari faqat sudlanuvchining jinoiy harakatlarni sodir etishdagi aybini to‘liq tasdiqlovchi huquqiy va daliliy jihatlarga asoslangan bo‘lib, uning qonuniy iqtisodiy faoliyati va/yoki siyosiy mavqesi yoki qarashlariga daxl qilmagan.

 

2022-yilda Shveysariya Konfederatsiyasi bilan O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi bitim doirasida Karimova ilgari jinoiy yo‘l bilan orttirgan va qaytarilgan moliyaviy mablag‘lardan O‘zbekiston hukumatining islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlash va BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun foydalanish maqsadida Vision 2030 jamg‘armasi tashkil etilgan. Jamg‘arma boshqaruvi BMTning Ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshirilmoqda.

 

Bayonotda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini vijdonan bajarib kelmoqda va BMT mexanizmlari, jumladan maxsus tartib-taomillari bilan konstruktiv muloqotni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.

 

Hukumat xalqaro tuzilmalarda o‘z obro‘sini himoya qilish, shuningdek, ishonchli axborotni manfaatdor tomonlarning keng doirasiga tushuntirish bo‘yicha keyingi qadamlarni qo‘yish huquqini o‘zida saqlab qoladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//