Afg'oniston rasmiylari bilan uchrashuv va 400 mln dollarlik yangi loyihalar - Ozarbayjon tashirifining 2-kuni qanday o'tdi

Saqlash
10:24 / 04.07.2025 50 0

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga tashrifi davomida 3-iyun kuni Xonkendi shahrida Afg‘oniston bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodarni qabul qildi, deb xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

 

Uchrashuv Ozarbayjonda bo‘lib o‘tayotgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida amalga oshdi. Tomonlar savdo-iqtisodiyot, transport-logistika, energetika sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb jihatlarini muhokama qildi.

 

Tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar soni barqaror ortib borayotgani alohida qayd etildi. Xususan, amaliy aloqalar faollashib, joriy yilning may oyida Kobul va Mozori Sharif shaharlarida O‘zbekiston savdo uylari ochildi. Iyun oyida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

 

O‘zbekiston yetakchisi chegaraoldi savdo va tegishli infratuzilmani rivojlantirish, qazib chiqarish, to‘qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida, qurilish materiallari tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

 

Strategik muhim mintaqaviy loyiha — Transafg‘on temiryo‘lini qurish loyihasini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

 

Prezident IHT sammitining madaniy tadbirlarida ishtirok etdi

 

Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 17-sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Ag‘dam shahridagi "Imorat" tarixiy-me’moriy majmuasiga ham tashrif buyurdi.

 

Bu yerga Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham keldi. Ag‘dam shahri Ozarbayjonning g‘arbiy qismida, Qorabog‘ tumanida joylashgan. 2021-yildan boshlab shahar infratuzilmasi faol tiklanmoqda: yangi maktablar, bolalar bog‘chalari, uy-joylar, ma’muriy binolar qurilmoqda.

 

"Imorat" majmuasida Qorabog‘ xonligi asoschisi Panoh Alixonning saroyi va maqbarasi joylashgan. 2024-yilda majmua restavratsiya ishlari va arxeologik tadqiqotlardan so‘ng qayta ochildi.

 

Bu yerda Qorabog‘ tulporlari parki va interaktiv muzey tashkil etilgan. Yetakchilar majmuada yaratilgan sharoitlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Mehmonlar e’tiboriga Ozarbayjon Qorabog‘ining boy madaniyati va an’analarini aks ettiruvchi Qorabog‘ tulporlari ishtirokidagi "Zafar" nomli madaniy dastur taqdim etildi.

 

Boku va Toshkentda do‘stlik bog‘lari ochiladi

 

Bundan tashqari, Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Sharof Rahmonov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida Ozarbayjon tadbirkorlari bilan poytaxtda amalga oshirilayotgan yangi qo‘shma loyihalar haqida gapirdi.

 

“Avvalo, Toshkent shahri hokimligi va Boku shahri meriyasi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan juda jadal hamkorlikni alohida ta’kidlamoqchiman”, — dedi u.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida poytaxtlar o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi va amaliy chora-tadbirlar rejasi imzolangan edi.

 

“Hozirgi tashrif chog‘ida hokimlik va bir qator kompaniyalar o‘rtasida qiymati 400 million dollarga yaqin oltita hujjat imzolandi. Bular xizmat ko‘rsatish sohasiga tegishli: Toshkent shahrida besh yulduzli mehmonxona majmuasi, turar joy va savdo-ko‘ngilochar majmuasi qurilishi, shuningdek, mehmonxonalar, qahvaxonalar, restoranlar tarmog‘ini yaratish loyihasi”, — dedi u.

 

Rahmonovning so‘zlariga ko‘ra, do‘stlik bog‘i loyihasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Bog‘da ko‘ngilochar markazlar, mehmonxonalar va hunarmandlar uchun hududlar tashkil etiladi.

 

Bokudagi “O‘zbekiston” bog‘iga kiritilgan sarmoyalar hajmi 80 million dollarga baholanmoqda. Loyiha Samarqand, Buxoro, Xiva uslubidagi me’moriy obyektlar, ustaxonalar, milliy taomlar restoranlari, plyaj, okeanarium, savdo majmuasi va boshqalarni yaratishni nazarda tutadi. Tadbirkor Jahongir Ortiqxo‘jayevning xabar berishicha, prezident ushbu bog‘ni O‘zbekistonning Ozarbayjondagi haqiqiy ko‘zgusiga aylantirishni buyurgan.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 23-avgust kuni prezident Ilhom Aliyevning Toshkentga davlat tashrifi chog‘ida Boku va Toshkentda “Abadiy shahar” majmualarini qurish rejalarini ma’lum qilgan edi. “Bokuda o‘zbek tuprog‘i, Toshkentda Ozarbayjon tuprog‘i bo‘ladi”, — degandi u.

 

 

 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//