Yangi ochilgan elchixona binosi va “Oʻzbekiston” bogʻi. Oʻzbekiston Prezidentining Ozarboyjonga tashrifining ilk kuni

Saqlash
09:31 / 03.07.2025 65 0

 

Shavkat Mirziyoyev 2-iyul kuni Prezident Ilhom Aliyevning taklifiga binoan Ozarboyjonga tashrif buyurdi.

 

Haydar Aliyev nomidagi aeroportda davlat rahbarini Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari Yaqub Ayubov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

 

Shundan soʻng “Zagulba” qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishini oʻtkazdi.

 

 

Shavkat Mirziyoyev bu galgi davlat tashrifi va Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yigʻilishi mamlakatlar oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30-yilligi nishonlanayotgan yilda oʻtayotganini alohida taʼkidladi.

 

“Munosabatlarimiz tarixda hech qachon bugungidek yuksak darajada boʻlmagan”, – dedi Oʻzbekiston yetakchisi.

 

Rasmiy marosimlardan soʻng Prezidentlar ishtirokida Boku shahrida “Oʻzbekiston” bogʻiga tamal toshi qoʻyishga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

 

Yangi bogʻ Bokuning nufuzli va jadal rivojlanayotgan “Oq shahar” mavzesidan oʻrin oladi. Loyihaga koʻra, 4,5 gektar maydonda Oʻzbekistonning boy madaniyati va anʼanalarini namoyish etadigan ulkan majmua barpo etiladi.

 

 

Marosimda ikki davlat rahbarlari birgalikda bogʻ poydevoriga ramziy kapsula qoʻyib, ushbu muhim loyiha qurilishini boshlab berdi.

 

Shundan keyin, Oʻzbekistonning Boku shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ishtirok etdi. Elchixona zallari Oʻzbekiston hududlari nomi bilan atalgan. Prezidentimiz xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va hamjihatlik ramzi sifatida zallardan biriga Qorabogʻ nomini berishni taklif etdi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifining birinchi kuni yakunida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev hamrohligida Sea Breeze dam olish majmuasi faoliyati bilan tanishdi.

 

Davlat rahbariga bu yerda yaratilgan sharoitlar, dam olish zonalari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, kottejlar va turar-joy majmualari haqida maʼlumot berildi.

 

 

Loyiha zamonaviy “Kaspiy rivyerasi”ga aylangan. Kurort qariyb 500 gektar maydonni egallagan. Bu yerda 6,5 kilometrlik plyaj zonasi, 150 gektar maydonda yashil hududlar va dam olish obyektlari mavjud boʻlib, 700 mingga yaqin daraxt va butalar ekilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//